Kengaytirilgan qidiruv

Qadriyatlarimizni dunyoga tanitsam...


17.03.2010

Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh iqtidor sohibalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, yuksak ijodiy parvozlar sari rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari safidan bu yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Aynura Sapekeyeva ham o‘rin oldi.

Nukus shahrida tug‘ilgan Aynurada tasviriy san’atga qiziqish bolaligidan uyg‘ondi. Mo‘yqalam sehri va ranglar jilosi uni rasm chizishga undadi. Shu tariqa bolalik tasavvurini, tuyg‘ularini bo‘yoqlarda aks ettira boshladi.

Aynuraning otasi Po‘lat aka quruvchi bo‘lsa-da, rasm chizishga ishtiyoqmand va san’atning nozik sirlarini yaxshi tushunadi. Onasi Olmagul esa milliy kashtachilik bilan shug‘ullanadi. Milliy kashtachilik ham tasviriy san’atga yaqin bo‘lib, go‘zal manzaralar, naqshlar matoga muhrlanadi.

Aynura boshlang‘ich ta’limni shahardagi 3-maktabda oldi. Uning zukkoligi, tirishqoqligi, ayniqsa, rasm chizishga bo‘lgan qobiliyati o‘qituvchilari e’tiborini tortdi. Beshinchi sinfdan chizmachilik to‘garagiga qatnasha boshladi. Ayni paytda Aynura Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida ustozlari Najmaddin Shukrullayev, taniqli rassom Jenis Lepesov, Salamat Bekbauliyev, Gulzor Gubenovadan mahorat sirlarini qunt bilan o‘rganmoqda.

Aynura chizgan rasmlar Hindistonda o‘tkazilgan “Shankar” xalqaro tanlovida mutaxassislar va san’at ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu rasmlar orasidan “Qoraqalpoq milliy to‘yi” kartinasi mukofotga loyiq deb topildi. Ijodidagi bu ilk muvaffaqiyat Aynurani yanada yuqori marralar sari ruhlantirdi.

Yoshlik shijoati bilan ijod qilayotgan Aynura bugunga qadar yetmishga yaqin kartina yaratdi. Uning ijodiy ishlari qator ko‘rgazma va tanlovlarda yuqori baholanmoqda. Jumladan, 2008 yili Yaponiyada o‘tkazilgan XI xalqaro bolalar rasmlari ko‘rgazmasida Aynura “Qoraqalpoq qizi”, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan II xalqaro bolalar rasmlari biyennaliyesida “Musiqa” asarlari bilan oltin medal sohibasi bo‘ldi.

– Aynura – noyob iqtidor egasi, – deydi rassom Jenis Lepesov. – U yaratayotgan kartinalarda milliy ruh ufurib turadi. Ranglarning uyg‘unligi, tasvirning tiniqligi tomoshabinni o‘ziga tortadi. Asarlaridagi chuqur mushohada tasvir orqali qalblarga kirib boradi, dilga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Ayniqsa, uning “Yernazar Olako‘z”, “Milliylik”, “Peyzaj” kabi rasmlari kishini hayratga soladi.

Aynura bildirilgan yuksak ishonchga javoban yanada chuqur bilim olib, kelgusida mamlakatimiz madaniyati va san’atini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shish niyatida izlanmoqda.

– Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganimdan quvonchim cheksiz, – deydi Aynura Sapekeyeva. – Yurtimizda yoshlarning o‘z iste’dodini to‘la namoyon etishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Men bu keng imkoniyatlardan samarali foydalanib, taniqli rassom bo‘lsam, milliy qadriyatlarimizni, urf-odatlarimizni mo‘yqalam orqali butun dunyoga tanitsam, deyman.


Manba: O`zA