Yangi filmlar tahlili
17.03.2010
Respublika Kinochilar uyida “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan 2009 yilda davlat buyurtmasi asosida suratga olingan filmlar tahliliga bag‘ishlangan ijodiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda rejissorlar, aktyorlar, san’atshunoslar hamda tomoshabinlar ishtirok etdi.
“O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Is’hoqov, san’atshunoslar SH.Rizayev, S.Hayitmatova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy kino sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar. Bunda davlatimiz rahbarining 2004 yil 16 martda qabul qilingan «Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni muhim omil bo‘layotir.
Milliy kinomizda umuminsoniy qadriyatlar, milliy an’analar, ijtimoiy hayot manzaralari aks ettirilgan filmlar sifati va salmog‘i ortayotir. Xususan, 2009 yilda o‘nta badiiy, oltmishga yaqin xujjatli film va o‘nga yaqin multfilm suratga olindi. Bir qator badiiy va multiplikatsion filmlar nafaqat yurtimizda, balki xalqaro kino festivallarda ham sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Anjumanda yoshlarni zararli oqim va g‘oyalar ta’siridan asrashda kino san’atining o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, yaratilayotgan kino asarlarda milliy qadriyat va an’analarni, insoniylik, mehr-oqibat singari fazilatlarni keng targ‘ib etish, kinematografiyaning xalqimiz, ayniqsa navqiron avlod ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyatini kengaytirishga doir ma’ruzalar tinglandi.
Manba: O`zA




