Biznes-inkubatorlar – tadbirkorlar ko‘makchisi
11.03.2010
Prezidentimiz Islom Karimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi “Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqorolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimiz” hamda 2009 yilning asosiy yakunlari va 2010 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirkorlik subyektlarining biznesga doir g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston Respublikasi Biznes-inkubatorlari va texnoparklari assotsiatsiyasining o‘z o‘rni bor. Marketing va konsalting, axborot-maslahat xizmati ko‘rsatish orqali tadbirkorlarning iqtisodiy va huquqiy madaniyatini oshirish, biznes yuritish ko‘nikmasini shakllantirish biznes-inkubatorlar faoliyatining bosh maqsadidir.
Mazkur assotsiatsiyadan ma’lum qilishlaricha, hozir mamlakatimizda o‘ttizdan ziyod biznes-inkubator faoliyat yuritmoqda. Ularning biznesga doir g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan tadbirlar samarasida 2009 yilda to‘rt mingdan ortiq ish o‘rniga ega 371 tadbirkorlik subyekti biznes-inkubatsiya jarayonini o‘tadi.
Biznes-inkubatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan 107 kichik korxonaga xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida faoliyat boshlashiga yordam berildi. Taxiatosh shahridagi quritilgan meva va sabzavotni qayta ishlashga ixtisoslashgan “TRI-A” korxonasi, Xiva tumanidagi qishloq xo‘jaligi texnikasi ta’miri bilan shug‘ullanuvchi “Xiva agromaxsustuzatish ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Asaka tumanidagi “Istiqlol chechagi” korxonasi, Vobkent tumanidagi qurilish mahsulotlari tayyorlovchi “Ahror-Karim” xususiy firmasi, Ishtixon tumanidagi ipakni qayta ishlovchi “As-Anvarjon” korxonasi, Hazorasp tumanidagi “Olloshukur bobo – Yoqutjon momo” tikuvchilik korxonasi, Toshkent shahridagi “RULE Asian Marketing” ma’suliyati cheklangan jamiyati shular jumlasidandir. Mazkur korxonalar 2009 yilda 800 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi hamda servis xizmati ko‘rsatdi. Shuningdek, ularda 725 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bozorni o‘rganish va ishlab chiqarishni boshqarish tadbirkorning muhim vazifalaridandir. Bu korxona imkoniyatlarini bozor talabiga muvofiqlashtirib borishda qo‘l keladi. Shu bois biznes-inkubatorlarda ishbilarmonlarning tadbirkorlik, iqtisodiy va huquqiy madaniyatini oshirish hamda biznes yuritish ko‘nikmasini shakllantirishga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. 2009 yilda ana shunday o‘quv kurslariga olti ming nafar kishi jalb etildi.
Biznes–inkubatorlar tadbirkorlik sohasiga xotin-qizlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘tgan yili Jizzax viloyatidagi biznes-inkubator o‘ndan ziyod tadbirkor xotin-qizga investitsiya loyihalari ishlab chiqishda amaliy yordam berdi. Ulardan yettitasi “Mehr nuri” jamg‘armasining tadbirkor ayollar uchun “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga doir grantlar” tanlovida g‘olib chiqdi. Shuningdek, Baxmal tumanida xotin-qizlarga tikuvchilik, gilamchilik, zardo‘zlik kasblarni o‘rgatish maqsadida o‘quv markazi tashkil etildi.
Amalga oshirilayotgan bunday tadbirlar samarasida kichik korxonalarda yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirilib, eng chekka hududlarda ham xizmat ko‘rsatish sohasi izchil rivojlanmoqda. Aholining bandlik darajasi oshib, turmushi yanada farovonlashmoqda.
Manba: O`zA




