Kengaytirilgan qidiruv

G‘oliblar saralandi


16.03.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus–2010” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, mulkdorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlovda 50 nafardan ziyod tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat va iste’mol mollari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Viloyatda bugungi kunda 34 mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. 2009 yil davomida 2,5 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 22 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi.

Aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, xizmatlar sohasi va kasanachilikni izchil rivojlantirish o‘z samarasini bermoqda.

Kichik biznes subyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga 138 milliard so‘mlikdan ziyod kreditlar ajratildi.

Qibray tumanidagi “Istiqlol-Shukurova G.N.” fermer xo‘jaligi bog‘dorchilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan. Xo‘jalikning 454 gektar yeri bor, bu yerda qishloq xo‘jalik mahsulotlari va sutni qayta ishlaydigan sexlar tashkil etilgan. Xo‘jalik o‘tgan yilni 154 million so‘m daromad bilan yakunladi.

Mazkur fermer xo‘jaligi rahbari Go‘zal Shukurova tanlovning “Eng yaxshi fermer” yo‘nalishida g‘olib deb topildi.

Yuqorichirchiqlik Anvar Nazarov “Eng yaxshi hunarmand”, Toshkent tumanidagi “Samo” xususiy korxonasi rahbari Baxtiyor Yunusov “Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.


Manba: O`zA