“Tashabbus”ning Sirdaryo viloyati bosqichi
17.03.2010
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy sektor subyektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishda muhim o‘rin tutmoqda.
“Tashabbus-2010” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichida o‘ttizdan ortiq tadbirkor, fermer va hunarmandlar ishtirok etdi. Tanlov doirasida ular tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, oziq-ovqat, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Unda Guliston shahridagi zamonaviy bichimda, sifatli kiyim-kechaklar ishlab chiqarayotgan “Nafis libos” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Sarruna Tekstil”, Sirdaryo tumanidagi “BS LUKS” kichik korxonalari, ”Yangiyer ikkilamchi qorametall” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlari import o‘rnini bosishi, raqobatbardoshligi bilan barchaning e’tiborini tortdi.
Ishtirokchilarning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, erishgan yutuqlari atroflicha o‘rganildi. Guliston tumanidagi “Makrovit” xususiy korxonasi rahbari Viktor Urbanovich “Eng yaxshi tadbirkor” yo‘nalishida tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
“Makrovit” xususiy korxonasida bugungi kuda o‘ttiz turda kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonaga qarashli chorvachilik fermasida 300 bosh qoramol parvarish qilinayotir. Yigirmaga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlangan mazkur subyektda sut mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda. Bu yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Guliston tumanidagi “Bobonazar” fermer xo‘jaligi raisi Sohib Bobonazarov “Eng yaxshi fermer”, Guliston shahrida yashovchi zardo‘z Madina Hojiyeva “Eng yaxshi hunarmand” yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.
Manba: O`zA




