Investitsiya sharofati
19.03.2010
Mamlakatimizda iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning eksport salohiyatini oshirish doimo e’tiborda. Prezidentimiz Islom Karimov 2009 yilning asosiy yakunlari va 2010 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirishda investitsiyalarni jalb qilish, avvalo ichki manbalarni safarbar etish hisobidan iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlarini jadal modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash ustuvor vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2008 yil 18 noyabrda qabul qilingan “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish va ularni modernizatsiyalashda muhim omil bo‘layotir.
Mazkur hujjatga ko‘ra, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishini ta’minlash maqsadida tijorat banklarining mablag‘larini keng jalb etish belgilangan.
“Ipoteka-bank” ham bankrot deb e’lon qilingan korxonalarga investitsiya kiritib, ularning faoliyatini qayta tiklashda faol ishtirok etayotir. Xususan, mazkur bankning 100 foizlik investitsiya ulushi bilan “Shovotteks” qo‘shma korxonasi o‘rnida “Katqal’ateks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
Korxona trikotaj matolardan mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilib, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlandi. Amalga oshirilgan tadbirlar samarasida qirqqa yaqin malakali ishchi-xodim yana ish joyiga qaytdi.
Hozir “Katqal’ateks” belgisi bilan xaridorlarga taklif etilayotgan mahsulotlar mamlakatimizdagi ko‘plab savdo do‘konlarida sotilmoqda.
Faoliyati qayta tiklangan korxona joriy yilning o‘tgan davrida 50 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi. Ayni vaqtda korxonada trikotaj matolardan yozgi ko‘ylak, futbolka va ichki kiyim kabi 30 turdan ziyod mahsulot tayyorlanmoqda. Korxonada tayyorlanayotgan mahsulot hajmini yanada ko‘paytirish hamda eksportga chiqarish maqsadida tikuv mashinalari soni oltmishtadan oshirildi. Bu esa yana 24 ta qo‘shimcha yangi ish o‘rni demakdir.
Manba: O`zA




