Kengaytirilgan qidiruv

Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslarini huquqiy tartibga solish


11.08.2011

Mamlakatimizda erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidagi eng muhim vazifalardandir.

Mustaqillik yillarida ommaviy axborot vositalari faoliyatini demokratlashtirish va erkinlashtirish, ularning demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining tom ma’noda erkinligini ta’minlash, iqtisodiy asoslarini, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etmoqda. Zero, ommaviy axborot vositalari faoliyatida iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish, jamiyatda sodir bo‘layotgan voqelik yuzasidan tezkor, to‘la va xolis xabardor qilishning muhim sharti – bu ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashdan iborat.

Ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlash, ularni moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning ijodiy faolligini va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 16 noyabrdagi “O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 8 noyabrdagi “O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratiyalashtirish va qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy jamg‘armasi to‘g‘risida”gi hamda 2006 yil 8 noyabrdagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasida beg‘araz ko‘makni jalb etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorlari shular jumlasidandir.

Biroq bugun mamlakatimizda axborot bozori ishtirokchilari faoliyati samaradorligini kuchaytirish va ularning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, qo‘shimcha iqtisodiy preferensiyalar yaratish va milliy axborot makonini izchil rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan yaxlit qonun mavjud emas. Shulardan kelib chiqib, Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish taklifi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlashda va faoliyatini tashkil etishda eng avvalo uning iqtisodiy asoslarini mustahkamlash lozimligiga alohida e’tibor qaratib, bu borada quyidagilarni ta’kidladi: “Hammamiz bir haqiqatni yaxshi anglab olishimiz lozim: matbuot erkinligining kafolati – axborot sohasida bozor munosabatlari va raqobatni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq. Bugun ommaviy axborot vositalari oldida iqtisodiy sheriklar topish, iqtisodiy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlashga erishish borasida keng va real imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda, bu esa o‘z navbatida, ularning erkin va mustaqil faoliyat ko‘rsatishida asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Barcha ommaviy axborot vositalariga, mulk shakli, tiraji, qamrovi hamda mavzu yo‘nalishidan qat’i nazar, ularning mamlakatimiz axborot maydonida halol raqobat asosida faoliyat olib borishi uchun davlat zarur shart-sharoitlarni yaratib berishi lozim. Aytish mumkinki, bu – jamiyatni tom ma’noda demokratlashtirish garovidir”.

“Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi ommaviy axborot vositalari faoliyatining moddiy asoslarini yaratishga oid ko‘plab masalalarni yechish bilan birga, mustaqil nashrlarning tom ma’noda mustaqilligini ta’minlab, ularni tabiiy monopoliyalar, homiylar va reklama beruvchilar, matbuot tarqatuvchilar, noshirlar va boshqalarning salbiy ta’siridan samarali himoya qiladi.

Mazkur qonunda ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnikaviy va boshqa choralari o‘z ifodasini topishi muhim ahamiyatga ega. Xususan, zarurat tug‘ilganda davlat ommaviy axborot vositalariga dotatsiya berishi, ular tomonidan ko‘rilgan zararlarni qoplash yo‘li bilan iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, axborot sohasiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, rivojlangan bozor munosabatlari sharoitida ommaviy axborot vositalari erkinligi kafolatlarini yanada mustahkamlash, axborot sohasidagi raqobatni nazarda tutish maqsadga muvofiqdir.
Qonunda tahririyatning tadbirkorlik faoliyatidan daromad olishining qonuniy asoslari aniq belgilab qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, qonunda efir vaqtini va o‘z mahsulotini realizatsiya qilish, ko‘rsatilgan xizmatlar, bajarilgan ishlar, reklama joylashtirishga bosma nashrdan joy berish, abonent to‘lovi, tiraj tushumlari, tayyorlanadigan axborot va axborot mahsulotlarini realizatsiya qilishning boshqa shakllarini – tahririyatning daromad manbalari sifatida belgilab qo‘yish axborot almashinuvi tezkor bo‘lgan bugungi davrda tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotir.

Xorij tajribasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan axborotlarni tarqatishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qo‘shimcha iqtisodiy preferensiyalar yaratish keng yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun, Fransiya qonunchiligida davriy bosma nashrlarni ma’lum bir vaqtda chop etish, ular ijtimoiy foydali ekanligi tan olinishi, ya’ni inson madaniyatini oshirishga, dunyoqarashni kengaytirishga qaratilgan bo‘lishi va ular tekinga tarqatilmaslik kabi talablarga javob bergan taqdirda, bir qator soliq va bojxona imtiyozlari berishni nazarda tutgan, ushbu imtiyozlarning asosiy turlari ommaviy axborot vositalarining moddiy bazasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan daromad solig‘idan ozod etish, qo‘shilgan qiymat solig‘ining kamaytirilishi, bojxona bojidan ozod etish, jurnalistlarning professional faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarga chegirmalar qo‘yish, davriy bosma nashrlarni tarqatishdagi pochta to‘lovlarini kamaytirish, telegraf va telefon xizmatlari to‘lovlarida chegirmalar qo‘yish kabilar o‘z ifodasini topgan. Bundan tashqari, ushbu davlatda maqsadli xarajatlarni moliyalashtirish uchun subsidiyalar ajratish nazarda tutilgan. Masalan, ba’zi kunlik umumsiyosiy gazetalarga, agar ular reklamalardan yetarli daromad ololmagan bo‘lsa hamda budjet va ijtimoiy sug‘urta fondlariga to‘lanadigan to‘lovlar bo‘yicha qarzlari bo‘lmasa, subsidiyalar ajratiladi.

Buyuk Britaniyada ham ko‘pgina televizion kompaniyalarga maqsadli subsidiyalar beriladi. Misol uchun, bunday subsidiyalar Uelsda teledasturlarni amalga oshirish uchun ajratiladi. Bunday subsidiyalarning maqsadi Uelsdagi kam sonli millatlar tilida dasturlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda demokratik islohotlar chuqurlashib borishi jarayonida ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish va rivojlantirishda ular faoliyatining iqtisodiy asoslarini yaratish bugun dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu o‘rinda Prezidentimiz tomonidan Konsepsiyada ilgari surilgan “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish hamda uni hayotga tatbiq etish muhim ahamiyatga ega.

Jo‘rabek Murodov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi
instituti yetakchi ilmiy xodimi.



Manba: O`zA



  • Fuqarolar uchun
  • Tаdbirkor vа sarmoyadorlarga
  • Chet el fuqаrolаrigа
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
  • 1 USD = 2401.09
  • 1 EUR = 2993.72
  • 1 RUB = 52.43

2014-11-25 dan
MB valyuta kurslari

www.cbu.uz
Cho 26 / 11 / 2014