Kengaytirilgan qidiruv

Saylovga bag’ishlangan yangi nashrlar


18.12.2009

O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada oshirish, ularni milliy saylov qonunchiligimizdagi o’zgarishlar, siyosiy partiyalarning saylovda ishtiroki, saylovoldi tashviqotini yuritishi, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod ko’rsatishi hamda deputatlarning siyosiy partiyalar va O’zbekiston Ekologik harakatidan saylanish tartibi hamda saylovni tashkil etish va o’tkazish bilan bog’liq boshqa muhim masalalar bilan tanishtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “O’zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bilan hamkorlikda milliy saylov qonunchiligimizga bag’ishlangan risolalar turkumi o’zbek va rus tillarida chop etildi. Mazkur risolalarni tayyorlashga huquqshunoslar, siyosatshunoslar, saylov huquqi sohasi mutaxassislari jalb qilindi. Risolalarning har biri milliy saylov qonunchiligimizning alohida jihatlariga bag’ishlangan.

Masalan, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risidagi qonunchilik va uning demokratik jihatdan takomillashtirilishi” mavzuidagi risolada mamlakatimiz parlamentiga deputatlarni saylash tartibi va uning huquqiy asoslari, o’ziga xos xususiyatlari, shuningdek, parlament saylovi to’g’risidagi qonunlarning mustaqillik yillarida bosqichma-bosqich takomillashtirilishi va ahamiyati ochib berilgan. “Saylov va siyosiy partiyalar” risolasida yurtimizdagi siyosiy partiyalar faoliyatining, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, joylardagi davlat hokimiyati organlariga saylovlarda ishtirok etishining tashkiliy-huquqiy asoslari bayon etilgan, siyosiy partiyalarning davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishdagi ahamiyati va o’rni tahlil qilingan.

“Saylovoldi tashviqoti” risolasida saylov kampaniyasida saylovoldi tashviqotining o’rni va ahamiyati, huquqiy asoslari, milliy qonunchilikda tashviqotni o’tkazishning asosiy qoidalari va ushbu jarayon ishtirokchilariga qo’yiladigan talablar, bu boradagi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari hamda rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasi bayon etilgan.

“Saylov va O’zbekiston Ekologik harakati” risolasida mamlakatimizda ekologiya sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarining tashkil topishi va rivojlanishi, O’zbekiston Ekologik harakatining dasturiy maqsad va vazifalari, “Saylov to’g’risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi va “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to’g’risida”gi qonunlarning ayrim normalarining mazmun-mohiyati yoritilgan.

“Saylov jarayoni va oshkoralik”, “Okrug saylov komissiyasi: tashkiliy-huquqiy masalalar”, “Saylovlar va ommaviy axborot vositalari”, “O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov: savollar va javoblar”, “Saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik masalalari”, “Parlament sayloviga oid atamalarning izohli lug’ati”, “Uchastka saylov komissiyalari: tashkiliy-huquqiy masalalar” kabi risolalar qonunchilik me’yorlarini tushuntirishga bag’ishlangan.

Umuman, risolalarda mamlakatimizda saylovni o’tkazishga oid asosiy tamoyillar, saylov jarayoniga, uning oshkoraligi va ochiqligiga, xalqaro saylov standartlari va ularning milliy qonunchiligimizga singdirilishiga oid masalalar keng yoritilgan. Muhimi, barcha ma’lumotlar aniq va tushunarli tilda bayon etilgan.

Mazkur adabiyotlar bo’lajak saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishda katta amaliy ahamiyat kasb etadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari ushbu risolalar bilan to’la ta’minlandi. Har bir fuqaro o’z saylov uchastkasida mazkur risolalar bilan tanishish, milliy saylov qonunchiligimiz haqidagi o’z bilimini boyitish va parlament va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovga oid o’zini qiziqtirgan barcha savollarga javob topish imkoniga ega bo’ldi.


Manba: O`zA