Kengaytirilgan qidiruv

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida


16.03.2010

15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri D.Toshmuhamedova olib bordi. Deputatlar Qonunchilik palatasi Kengashi taklif etgan kun tartibini tasdiqladilar.

Siyosiy partiyalarning 2009 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlari bilan majlisda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi M.Teshaboyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi L.G‘ulomov, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Tursunov, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasining raisi I.Saifnazarov so‘zga chiqdilar.

Ma’ruzachilar ta’kidladilarki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlari bo‘yicha muhim ijtimoiy-siyosiy kampaniyada faol ishtirok etishlari munosabati bilan o‘tgan yil siyosiy partiyalar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. 2009 yil dekabr va 2010 yil yanvar oylarida bo‘lib o‘tgan ko‘p partiyaviylik asosidagi erkin, demokratik saylovlar natijasida yangi chaqiriq Oliy Majlisning professional Qonunchilik palatasi shakllantirilib, unga mamlakatimiz barcha siyosiy kuchlarining vakillari kirdilar. Deputatlar soni 120 nafardan 150 nafarga oshganligi, parlament ishida O‘zbekiston Ekologik harakati vakillarining ishtirok etishi yangi tarkibdagi quyi palataning asosiy xususiyati bo‘lib, bu deputatlar korpusining qonun ijodkorligi salohiyatini, mamlakatimizda o‘tkazilayotgan keng miqyosli islohotlarni o‘z vaqtida huquqiy ta’minlashga qaratilgan, sifat jihatidan puxta qonunlar ishlab chiqish va qabul qilish imkoniyatini ancha oshiradi.

Savol-javoblardan keyin bo‘lib o‘tgan batafsil muhokama jarayonida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar. Deputatlar ta’kidladilarki, islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda ijtimoiy hayotning barcha sohalarini demokratlashtirish, erkinlashtirish va modernizatsiya qilish, milliy qonun hujjatlari normalariga muvofiq siyosiy partiyalar faoliyatini o‘z vaqtida va to‘la moliyalashtirish masalalariga davlatimiz, shaxsan Prezidentimiz Islom Karimovning katta e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli barcha darajalardagi hokimiyat vakillik organlari saylovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni muvaffaqiyatli o‘tkazish, mamlakatimiz hayotida siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish va O‘zbekiston Respublikasining ikki palatali professional parlamentini sobitqadamlik bilan mustahkamlash mumkin bo‘ldi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlab o‘tdilarki, siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ular Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatgan nomzodlar ro‘yxatga olingandan keyin ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmdagi davlat mablag‘lari partiyalarning hisob-kitob varag‘iga o‘z vaqtida va belgilangan tartibda o‘tkazildi. Mablag‘lar siyosiy partiyalar tomonidan saylovoldi ko‘rgazmali tashviqot vositalarini nashr qilishga, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning televideniye, radio orqali va boshqa ommaviy axborot vositalarida chiqishlarini, saylovchilar bilan uchrashuvlarini, ishonchli vakillar va bevosita saylov okruglarida saylovoldi tashviqotini o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga, saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir turli umumpartiyaviy tadbirlarga sarflandi.

Mamlakatimizda qonuniylik, ochiqlik, oshkoralik va siyosiy partiyalarning teng huquqliligi siyosiy partiyalarni moliyalashtirishning asosiy prinsiplaridir. Partiyalar o‘zining moliyalashtirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning o‘z a’zolari va jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlaydi, faoliyatini moliyalashtirish hajmi va manbalari haqida ommaviy axborot vositalarida o‘z vaqtida axborot e’lon qilib turishi shart.

Majlisda ta’kidlandiki, O‘zbekistonning barcha siyosiy partiyalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda moliyaviy hamda buxgalteriya hisobotlarini taqdim etdilar. Ular moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Adliya vazirligiga hisobot davrida olingan hamda sarflangan moliyaviy va boshqa mablag‘lar to‘g‘risidagi moliyaviy hujjatlarni topshirdilar. Bunda siyosiy partiya tomonidan Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etish uchun sarflangan mablag‘lar alohida hisobga olinadi. Siyosiy partiyalar hisobotlari yuzasidan ularning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini va ustavda nazarda tutilgan faoliyatni moliyalashtirish uchun hisobot yilida partiya hisob-kitob varag‘iga kelib tushgan hamda sarflangan davlat mablag‘lari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining xulosalari berildi.

Deputatlar hisobot hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonida siyosiy partiyalarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli kuchaytirilishi, davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining joriy yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida qo‘yilgan vazifalar amalga oshirilishi munosabati bilan siyosiy partiyalarning moliyaviy intizomini mustahkamlashda parlament nazoratining alohida ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Siyosiy partiyalarning moddiy-moliyaviy, tashkiliy va kadrlar bilan bog‘liq hamda boshqa resurslari o‘z dasturiy maqsad va vazifalarini amalda ro‘yobga chiqarishda katta ahamiyatga molik ekanligi sababli ular ochiq-oydin va qonuniy bo‘lishi, har doim jamoatchilik nazorati ostida turishi g‘oyat muhimdir. Ta’kidlandiki, ko‘p partiyaviylik tizimining rivojlanishi, parlamentda va jamiyatimizda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat kuchayishi sharoitida bu masala deputatlarning doimiy e’tiborini talab qiladi. Deputatlar partiyalarning moliyaviy mablag‘laridan samarali foydalanish, saylovchilar bilan ishlashning zamonaviy usullari moliyalashtirilishi ustidan ichki partiya nazoratini kuchaytirish va amaliyotda umume’tirof etilgan partiyaviy texnologiyalardan yanada kengroq foydalanish kerakligi haqida fikr bildirdilar. Ayniqsa, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan davrda siyosiy partiyalarga ajratilgan budjet mablag‘lari imkon qadar oqilona va tejamkorlik bilan ishlatilishi kerak.

Siyosiy partiyalarning hisobotlarini ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Adliya vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida o‘tkazildi.

Muhokama paytida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi siyosiy partiyalarning 2009 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ma’lumot uchun qabul qildi.

Qonunchilik palatasi o‘z vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgarish kiritildi, Shahrisabz shahrining chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.



Manba: O`zA



  • Fuqarolar uchun
  • Tаdbirkor vа sarmoyadorlarga
  • Chet el fuqаrolаrigа
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
  • 1 USD = 2396.79
  • 1 EUR = 3006.43
  • 1 RUB = 50.57

2014-11-18 dan
MB valyuta kurslari

www.cbu.uz
Du 24 / 11 / 2014