Oliy Majlis Qonunchilik palatasida
19.03.2010

18 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo’lib o’tdi. Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri D.Toshmuhamedova olib bordi. Deputatlar Qonunchilik palatasi Kengashi taklif etgan kun tartibini tasdiqladilar.
«Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida»gi qonun loyihasi haqida Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo’mitasi raisi N.Ismoilov ma’ruza qildi. Ma’ruzachi «Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida»gi amaldagi Qonun 2000 yilda qabul qilinganligini ta’kidladi. Taklif etilayotgan qonun loyihasiga normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va ularning ijrosini ta’minlash jarayonini takomillashtirishga qaratilgan yangi qoidalar kiritilmoqda. Shuni hisobga olgan holda qonun loyihasida normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini tayyorlash va ularni ekspertizadan o’tkazish masalalariga katta e’tibor qaratilgan bo’lib, bu qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlarning sifatini ancha yaxshilash imkonini beradi. Qonun loyihasiga ko’ra, huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy, ilmiy va boshqa turdagi ekspertizalar o’tkazish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash chog’ida qonun hujjatlarining ahvolini, uni qo’llash amaliyotini, jamoatchilik fikrini va xalqaro tajribani o’rganish zarurligi to’g’risidagi talab belgilab qo’yilmoqda. Ayrim moddalar normativ-huquqiy hujjatlarning zamonda, makonda va shaxslar doirasi bo’yicha amal qilishiga bag’ishlangan. Qonun loyihasida, shuningdek, normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi munosabati bilan o’z kuchini yo’qotgan deb topilishi, o’zgartish yoki qo’shimcha kiritilishi lozim bo’lgan normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari ancha ko’p bo’lgan taqdirda, normativ-huquqiy hujjatlarning ko’rsatilgan ro’yxati, o’zgartish va qo’shimchalar mustaqil hujjat bilan rasmiylashtirilib, u normativ-huquqiy hujjat bilan bir vaqtda uning ishlab chiquvchilariga taqdim etilishi haqidagi qoidani o’z ichiga olgan alohida norma bor. Qonun loyihasining maxsus bobi normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini tashkil etish va ta’minlashga qaratilgan.
Qonun loyihasining barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O’zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari ishtirok etgan muhokamasi jarayonida mamlakatni modernizatsiya qilishni qonunchilik yo’li bilan ta’minlash borasida parlament oldida turgan vazifalar asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni ekspertizadan o’tkazish tartibini takomillashtirish, qabul qilingan qonun hujjatlarini o’z vaqtida va sifatli ijro etish muhimligi ta’kidlandi. Normativ-huquqiy hujjatlar amalda qo’llanilishi ustidan monitoringni takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Qonunchilik palatasi deputatlarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda hujjatning asosiy qoidalarini ma’qullab va uni birinchi o’qishda qabul qilib, qonun loyihasini ikkinchi o’qishda ko’rib chiqish uchun maromiga yetkazishni mas’ul qo’mitaga topshirdi.
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasi a’zosi A.Yunusova «Voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining oldini olish to’g’risida»gi qonun loyihasini taqdim etdi. Qonun loyihasi voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining oldini olish tizimi organlari va muassasalarini, ular faoliyatining asosiy vazifalari, prinsiplari va yo’nalishlarini, voyaga yetmaganlar va ularning oilalari bilan yakka tartibdagi profilaktika ishining asoslari va ularni tashkil etish tartibini, ijtimoiy-xavfli holatda bo’lgan voyaga yetmaganlar huquqiy maqomini, ularning ijtimoiy-huquqiy va pedagogik reabilitatsiya qilinishi tartibini belgilaydi.
Qonun loyihasini ko’rib chiqish chog’ida deputatlar voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining oldini olish, bolalarni himoya qilishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, yosh avlod uchun ota-onalar va vasiylik organlarining javobgarligini oshirish masalalarining aniq tartibga solinishi muhim ekanligini ko’rsatib o’tdilar. Muhokamada ta’kidlandiki, ushbu qonun loyihasining dolzarbligi mamlakatimizda Barkamol avlod yili deb e’lon qilingan yilda ayniqsa muhimdir.
Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining vakillari bildirgan fikrlarni eshitib va muhokama qilib, Qonunchilik palatasi qonun loyihasining konsepsiyasini tasdiqlab, uni birinchi o’qishda qabul qildi.
«O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksiga qo’shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo’mitasi a’zosi O.Oxunova taqdim etdi. Qonun loyihasi voyaga yetmaganlarning g’ayrisotsial hatti-harakatining oldini olish, yoshlar o’rtasida jinoyatchilik bilan bog’liq vaziyatni yaxshilash, yosh avlod tarbiyasi uchun ota-onalar va tadbirkorlik sub’ektlarining javobgarligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Unda voyaga yetmaganlarni tungi vaqtda ota-onalaridan birining yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz restoranlarga, kafelarga, barlarga, klublarga, diskotekalarga, kinoteatrlarga, kompyuter zallariga, Internet tarmog’iga ulanish xizmatlari ko’rsatish uchun jihozlangan binolarga, ko’ngilochar tadbirlar o’tkaziladigan boshqa binolarga kiritganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini ko’rib chiqish paytida deputatlar o’smirlar o’rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish, bolalarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish bo’yicha tadbirlar samaradorligini oshirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va an’analarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash zarurligini ta’kidlab o’tdilar. Shu bilan birga taklif etilayotgan huquqiy normalarning amal qilish sohasini aniqlashtirish va qonunni amalda qo’llashning aniq mexanizmini ishlab chiqishga doir takliflar bildirildi. Qonunchilik palatasi qonun loyihasining asosiy qoidalarini ma’qullab, deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarni hisobga olgan holda uni birinchi o’qishda qabul qildi.
Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo’mitasi a’zosi A.To’xtashevning ma’ruzasi bo’yicha Qonunchilik palatasi «Pirotexnika vositalari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi qonun loyihasini ko’rib chiqdi. Qonun loyihasi pirotexnika vositalari muomalasini litsenziyalash joriy etilishini, ularning qonunga xilof muomalasi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutadi. Pirotexnika vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish, ulardan foydalanish, ularni yo’q qilish va utilizatsiya qilish litsenziyalanishi kerak.
Muhokama paytida deputatlar pirotexnika vositalari muomalasi ustidan samarali davlat nazoratining, fuqarolar huquqlari va manfaatlari himoya qilinishining, jamoatchilik xavfsizligi ta’minlanishining muhimligini ko’rsatib o’tdilar. Hujjatni umuman takomillashtirishga qaratilgan takliflarni inobatga olgan holda, Qonunchilik palatasi qonun loyihasining asosiy qoidalarini ma’qulladi va uni birinchi o’qishda qabul qildi.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasi raisi B.Iminov «O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartishlar kiritish to’g’risida»gi qonun loyihasini taqdim etdi. Mazkur hujjat xizmat vazifalarini bajarish chog’ida halok bo’lgan ichki ishlar organlari xodimlarining oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan. «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi Qonunga, O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilayotgan o’zgartishlar ichki ishlar organlarining vafoti xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog’liq bo’lgan xodimlarining ota-onalari va yangi nikohga kirmagan bevalariga eng kam ish haqining 30 foizi miqdorida pensiyalariga qo’shimcha olish huquqini beradi. Ular, shuningdek, olgan daromadlari va o’z mulklaridagi mol-mulk uchun soliq solishdan qisman ozod qilinadilar.
Qonun loyihasini muhokama qilish paytida deputatlar ta’kidladilarki, davlatimiz mustaqil rivojlanishining dastlabki kunlaridanoq aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishga katta e’tibor qaratmoqda. Bu jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlariga qaramay, mustaqil O’zbekistonning hayotga izchil tatbiq etilayotgan eng muhim ustuvor yo’nalishlaridan biridir.
Qonunchilik palatasi qonun loyihasining konsepsiyasini tasdiqladi va uni birinchi o’qishda qabul qildi.
Deputatlar Mudofaa va xavfsizik masalalari qo’mitasi a’zosi X.Mamatov tomonidan taqdim etilgan «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuniga o’zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ham ko’rib chiqdilar. Hujjat aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi atamalar va tushunchalar bir xilda talqin qilinishi zarurligi munosabati biolan ishlab chiqilgan. Jumladan, amaldagi Qonun matnida «Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to’g’risida»gi Qonunga muvofiq aniqlashtirilishi zarur bo’lgan, umumiy nutq muomalasidan chiqib ketgan ayrim ta’riflar mavjud.
Deputatlar tomonidan muhokama paytida bildirilgan fikrlarni hisobga olgan holda, Qonunchilik palatasi qonun loyihasining asosiy qoidalarini ma’qulladi va hujjatni keyingi o’qishda ko’rib chiqish uchun maromiga yetkazishni mas’ul qo’mitaga topshirib, uni birinchi o’qishda qabul qildi.
Manba: O`zA




