Kengaytirilgan qidiruv

“Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti ochildi


31.08.2010

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30 avgust kuni Buxoro shahriga tashrif buyurdi.

Yigirma besh asrdan ziyod tarixga ega Buxoro jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan ko‘hna va navqiron shaharlarimizdan biri. Qadimdan ilmu ma’rifat, madaniyat maskani bo‘lgan bu go‘sha ta’rifi yetti iqlimga yoyilgan.

Mustaqillik yillarida Buxoro viloyatida ham ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Tub maqsadi inson manfaatlari ustuvorligiga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida viloyatning sanoat salohiyati yuksaldi, aholining turmush sharoiti yaxshilanib, shahar va qishloqlar tobora chiroy ochayotir.

Yaqinda barpo etilgan “Buxoro madaniy markazi” majmui bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida alohida o‘rin tutadi. 107 gektardan iborat mazkur majmuada yirik inshootlar – 700 o‘rinli viloyat musiqali drama teatri, ikki ming tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr, “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti qad rostladi. Mazkur ob’ektlar Buxoroning o‘ziga xos me’morchilik an’analari va zamonaviy arxitektura andozalari uyg‘unligida barpo etildi.

Yurtboshimiz tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilgan ushbu 18 metrli “Qo‘hna va boqiy Buxoro” monumentini taniqli haykaltarosh, O‘zbekiston san’at arbobi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Ilhom Jabborov ishlagan.

Qutlug‘ Buxoro zaminidan Abu Ali ibn Sino, Narshaxiy, Imom Buxoriy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Orif Revgariy kabi buyuk mutafakkirlar, ko‘plab adabiyot va san’at namoyandalari yetishib chiqqan. Ularning nomlari obidada zarhal harflar bilan naqshlangan. Bu yerda ilm o‘rganish har bir musulmon erkak va ayol uchun farz ekanini, dil Allohda, qo‘l mehnatda bo‘lishi lozimligi o‘zbek, arab va ingliz tillarida zikr etilgan.

Davlatimiz rahbari “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti bilan tanishdi.

– Tarixdan ma’lumki, qadimda Buxorodan oltin konlari topilgan. Bugungi kunda ham Buxoro tillasi asl tilla hisoblanadi, – dedi Islom Karimov. – Lekin Buxoroni sharif shaharga aylantirgan uning fidoyi, mehnatkash odamlaridir.

Monument markazida uch avlod – baxtiyor yosh oila – ota, ona va bola, nihol o‘tqazayotgan bobo va nabira hamda uy qurayotgan ota va o‘g‘ilning barelefli haykallari aks ettirilgan. Bunda chuqur falsafa bor: hayot abadiy, umr o‘tkinchi, insonning ezgu amallari mangu qoladi, bu dunyoda inson ezgu ishlar qilmog‘i lozim, farzandlari kelajagini, el-yurtining ertasini o‘ylamog‘i darkor.

– Buxoroga kelgan, buxoroliklar hayoti bilan tanishaman, degan odam monumentda ifodalangan bu g‘oyalardan xulosa chiqaradi, – dedi Prezidentimiz. – Bu g‘oyalarni barchaga, birinchi navbatda, yoshlarimizga keng va chuqur tushuntirishimiz kerak. Barkamol avlod tarbiyasida uning ahamiyati katta. Buyuk kelajagimizni yaratishda, avvalo, mustaqil fikrlaydigan farzandlarimizga, shu yurtni yagona, betakror Vatan, deb bilgan yoshlarimizga suyanamiz. Bugun O‘zbekistonimiz erishgan buyuk marralarda, olamshumul yutuqlarda yoshlarimizning o‘rnini, ularning hal qiluvchi kuchga aylanganini ko‘ramiz.

Obida tepasiga o‘rnatilgan balandligi 5 metr, vazni 32 tonnadan iborat, aylanib turuvchi ulkan Yer shari uzoq-uzoqlardan ko‘zga tashlanadi. Unda O‘zbekistonimiz xaritasi tasvirlangan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, dunyo bilan yuzlashdi, jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini egalladi, degan teran ma’no ifodalangan.

Prezidentimiz teatrning yangi binosini ko‘zdan kechirar ekan, bunday zamonaviy san’at saroylari tomoshabinlarning badiiy didi va saviyasini o‘stirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Teatr – tarbiya maskani. Yoshlarimizni turli mafkuraviy tahdidlar va g‘araz niyatli kuchlardan, ta’sirlardan asrab-avaylashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda pand-nasihat bilan kifoyalanib qolib bo‘lmaydi. Ezgulikni, yurtparvarlikni, insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiladigan amaliy ishlar qilish kerak. Ana shunday amaliy tarbiya omillaridan biri teatrdir. Teatr davr bilan hamnafas yashayotgan, hayot sinovlarida toblangan fidoyi insonlar haqida hikoya qiluvchi asarlarni sahnaga olib chiqishi zarur. Farzandlarimizning ma’naviy dunyosini mustahkamlaydigan, kelajakka ishonchini oshiradigan, oriyatini kuchaytiradigan zamonaviy qahramonlar obrazini yaratish kerak, – dedi Yurtboshimiz.

Prezidentimiz majmua hududida viloyat iqlim sharoitiga mos daraxtlarni ko‘paytirish va yashil hududlarni yanada kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Mamlakatimizda milliy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy-ma’naviy merosni, tarixiy-memoriy obidalarni asrash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Buxorodagi Masjidi Kalon, Chorbakr kabi qator osori-atiqalar ta’mirlanib, asl qiyofasiga keltirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari obod manzillarga aylantirildi.

Yurtboshimiz shu kuni Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini ziyorat qildi.


Manba: O`zA