Kengaytirilgan qidiruv

Ilg‘or texnologiyalar va jamoat tashkilotlari


27.01.2012

Prezidentimiz Islom Karimov 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida mamlakatimizda internet tarmog‘i xizmatlaridan foydalanadigan abonentlar soni o‘sgani, xususan, 9,4 mingdan ziyod umumta’lim maktabi yoki jami maktablarning 96 foizi “ZiyoNet” elektron axborot tarmog‘iga ulanganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining axborot-resurs markazida “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi hamda Tadbirkor va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi hamkorligida o‘tkazilgan ta’lim sohasiga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda jamoat tashkilotlarining ishtirokiga doir seminarda shular haqida so‘z bordi. Seminarda innovatsion texnologiyalar, ta’lim-tarbiya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisining o‘rinbosari N.Mirodilova, “Sharq ayoli” xalqaro jamoat fondi rahbari S.Tursunboyeva va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy-intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun mamlakatimizda barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga izchil tatbiq etilayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi jahon andozalari darajasidagi ta’lim maskanlari, badiiy ijodiyot, “Barkamol avlod” bolalar markazlari, san’at va sportga ixtisoslashgan muassasalar, zamonaviy axborot-resurs markazlari barpo etish imkonini bermoqda.

O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tobora keng joriy etilayotgani, “ZiyoNet” jamoat ta’lim axborot tarmog‘idagi o‘quv tizimiga oid yangiliklar, ilg‘or pedagogik ishlanmalar, elektron adabiyotlar, zarur barcha ma’rifiy ma’lumotlardan keng foydalanilayotgani ta’lim sifatini oshirish, yosh avlod bilimlarini kengaytirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda yoshlar ma’naviyatini asrab-avaylash, ularni yot g‘oyalardan himoyalashda ushbu ma’rifiy tarmoq alohida ahamiyatga ega.

Mamlakatimizdagi mavjud jamoat tashkilotlarining salmoqli qismi o‘z faoliyatini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratgan. Bu o‘quvchilarning kompyuter savodxonligini oshirish, pedagoglarning mazkur yo‘nalishdagi kasb malakasi va mahoratini izchil yuksaltirishga xizmat qilayotir. Jumladan, “Sharq ayoli” xalqaro jamoat tashkilotining bir qator ma’rifiy, innovatsion loyihalari raqamli texnologiyalarni joriy etish, maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish, yoshlar iqtidorini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Seminarda jamoat tashkilotlarining ta’limga axborot texnologiyalarini joriy etishdagi ishtirokini yanada kuchaytirish, bu borada ularning tegishli vazirlik va idoralar, ilmiy-ma’rifiy, axborot-resurs markazlari bilan ijtimoiy hamkorligini kuchaytirishga oid aniq vazifalari belgilab olindi.


Manba: O`zA