Kengaytirilgan qidiruv

Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan!


07.07.2012

“Vatan”, “Erk”, “Ozodlik”, “Obodlik”, “Baxt”, “Taqdir”. Mustahkam zanjir halqalari kabi bir-biriga chambarchas bog‘langan bu muqaddas so‘zlarning mazmun-mohiyatini, qudrati va hikmatini murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tgan, istibdodning qorong‘u kechalarida yorug‘ kunlarga intilgan, o‘z vatanida vatansiz, ona tilidan mosuvo, buyuk o‘tmishi haqida so‘ylashdan, kelajak haqida o‘ylashdan cho‘chib yashagan millatni hurlik sari boshlagan – kurashlarda toblanib mustaqillikka erishgan insonlar to‘la anglashga, his etishga qodirdir.

O‘zini, o‘zligini anglab yetgan xalqimiz Islom Karimov rahnamoligida ana shunday murakkab va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi, turli sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, hal qiluvchi tarixiy vaziyatlarda birlashib, bir musht bo‘lib maydonga chiqdi, o‘zining mustahkam irodasi, qat’iyat va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etdi – qo‘lga kiritilgan mustaqillikni mustahkamlab, hech kimdan kam bo‘lmagan millat ekanini isbotladi. Bugun xalqimiz bashariyat sivilizatsiyasiga, ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarining munosib vorisi, boy tarix va madaniy meros sohibi sifatida ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy sohalarda katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

O‘tgan yigirma bir yil davomida mamlakatimizda betimsol bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ulkan inshootlar, ravon yo‘llar, ko‘priklar, go‘zal xiyobonlar, zamonaviy ta’lim muassasalari, bog‘ va bog‘chalar, yangi qishloqlar bunyod etildi. Yurtimizning turli go‘shalarida amalga oshirilayotgan bunday olamshumul o‘zgarishlarda taraqqiyot, farovonlik sari qat’iyat bilan intilayotgan xalqimizning qalb qo‘ri, bunyodkorlik salohiyati, ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonchi namoyon bo‘layotir.

Davlatimiz rahbari istiqlolning ilk yillaridan xalqimizning ongu shuurini, tafakkurini, hayotini, hayotga, mehnatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga, turmush madaniyatini, hayot darajasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu jarayonda millat genofondini yaxshilash, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning oila va jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash ustuvor maqsadga aylandi. Shu bois milliy ma’naviyatimizning mustahkam qo‘rg‘oni bo‘lmish oilalarni ijtimoiy himoya qilishga, farovonligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar izchil davom ettirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2012-yilning Mustahkam oila yili, deb e’lon qilinishida ham milliy g‘oyamizning bosh maqsadlaridan biri – barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadi mujassamdir.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan “Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan!” ezgu g‘oyasi zamirida qo‘lga kiritgan ana shunday olamshumul yutuqlarimiz, 21 yillik quvonchu tashvishlarimiz, dunyoqarashimizdagi o‘zgarishlar, hayotga bo‘lgan munosabatimiz, bugunimiz kechagidan, ertamiz bugungidan yorug‘roq, farovonroq bo‘lishiga, farzandlarimiz kelajagiga, tinchlik va osoyishtaligimizga qat’iy ishonch mujassam. Zero, erkinlik bor joyda – obodlik bor. Erkin va obod Vatanda yashash – baxt. Vatan – bizning taqdirimiz.

Ayni kunlarda davlatimiz rahbarining 2012-yil 19 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joylarda ushbu qutlug‘ sanani munosib kutib olish va xalqimiz hayotida yorqin iz qoldiradigan darajada o‘tkazishga qaratilgan qator tadbirlar – madaniy-ma’rifiy kechalar, uchrashuv va muloqotlar, davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbirlarda barcha sohalarda erishgan yutuqlarimiz, xalqimiz, avvalo, yoshlarimizning ongu tafakkuri, intellektual salohiyati, ijtimoiy faolligi yuksalib, Vatanimizning qudrati, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora ortib borayotgani, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritilmoqda.

– Bayramga tayyorgarlik aniq tizim asosida olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma bir yilligiga bag‘ishlab Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturini tayyorlash bo‘yicha ijodiy guruh rahbari, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo. – Tayyorlanayotgan dasturda “Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan!” g‘oyasining mazmun-mohiyatini, hikmatini, falsafasini, istiqlol yurtimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha insonlarni erkin va ozod hayot qurishdek ezgu ishlarga safarbar etadigan buyuk hayotbaxsh kuch ekanini badiiy vositalar, kuy, qo‘shiq va raqslar orqali ifodalab berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ijodiy guruh a’zolari – taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar, kompozitorlar, hofiz va xonandalar, rassomlar, baletmeysterlar har qachongidan ham jips bo‘lib, yuksak badiiy saviyadagi bayram dasturini tayyorlashga harakat qilmoqdalar. Guruh a’zolariga erkin ijod qilishlari, hamkorlik va hamfikrlikda ishlashlari uchun yozuvchilarning “Do‘rmon” ijod uyida barcha sharoitlar yaratib berilgan. Kulol loyga qanchalik ko‘p ishlov bersa, shunchalik nafis, jarangdor chinni yaratilganidek, ijodkorlar ham har bir so‘z, har bir ohang, har bir harakat ustida qunt bilan ishlamoqda. Zero, bayram dasturimiz nafaqat xalqimizga, balki sun’iy yo‘ldosh orqali yuzlab davlatlarga namoyish etiladi.

Dasturni tayyorlashda asosiy g‘oya singdirilgan 30 original asardan foydalanish rejalashtirilgan. Unda ustoz shoirlar bilan bir qatorda yosh qalamkashlarning ijod namunalaridan ham foydalanilmoqda. Guruh a’zolarining ijodiy hamkorligi samarasida hozirgacha o‘nlab yangi qo‘shiqlar yaratildi.

– “Taqdirimsan, baxtimsan, erkin va obod Vatan!” – bu shunchaki shior emas, – deydi O‘zbekiston san’at arbobi, kompozitor Anor Nazarov. – Shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir kishining, jumladan, ijodkorlarning ham taqdiri, baxti shu Vatan taqdiri, shu Vatan baxti bilan chambarchas bog‘liqdir. Vatan – bizning ildizimiz, o‘tmishimiz, bugunimiz, kelajagimizdir. Xalqimiz qalbidan joy olgan asosiy asarlarimni istiqlol yillarida yaratdim. Prezidentimiz rahnamoligida ijod ahli uchun yaratilgan shart-sharoit, ijod erkinligi tufayli mana shunday yutuqlarga erishdim. Vatanni kuylash, elu yurtni baland pardalarda tarannum etish har bir ijodkor uchun katta baxt, ulkan sharafdir.

Shoir, kompozitor va xonandaning hamkorlikda ishlashi har doim yaxshi samara bergan. Bunday ijodiy hamkorlik samarasida xalqimizning qalbi va ongiga yetib boradigan, ularning ruhi va kayfiyatini ko‘taradigan, yangi marralar sari ilhomlantiradigan jozibali va ta’sirchan asarlar yaratiladi.

Mustaqillik – erk va ozodlik, hurlik bayrami. Xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, mehnatkash va mehmondo‘stligi, bag‘rikengligi, vatanparvarligi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ushbu bayram falsafasida yanada teran namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham tinchlik va osoyishtalik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhiti tobora mustahkamlanib borayotgan mamlakatimiz ahli – barcha yurtdoshlarimiz eng ulug‘, eng aziz bayramimizga chin dildan, astoydil hozirlik ko‘rmoqdalar…



Manba: O`zA



  • Fuqarolar uchun
  • Tаdbirkor vа sarmoyadorlarga
  • Chet el fuqаrolаrigа
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
  • =
  • =
  • =

dan
MB valyuta kurslari

www.cbu.uz
Se 30 / 09 / 2014