Yoshlar – kelajak poydevori
11.03.2010
Yoshlarning har tomonlama yetuk, yuksak ma’naviyat egasi bo‘lib kamol topishida, ularning iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining ham hissasi katta bo‘lmoqda.
Orolbo‘yi yoshlarini Vatan ravnaqiga hissa qo‘shishdek buyuk maqsadlar yo‘lida jipslashtirish, ularni el-yurtiga fidoiylik ruhida tarbiyalash, yoshlar qalbi va ongida o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy g‘oyalarga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi Zafar Xonniyozov quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi joriy yilda amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi, – deydi Z.Xonniyozov. – Faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga, ularda Vatanga muhabbat, jasorat va fidoiylik fazilatlarini qaror toptirishga qaratilgan.
Ana shu maqsadda Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari mazmun-mohiyatini, unda bayon etilgan fikr-mulohazalarni chuqur o‘rganish, yoshlarni turli zararli oqimlar ta’siridan asrash, yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalashga harakat qilmoqdamiz. Xususan, yoshlarimizning huquqiy bilimini oshirish, Konstitutsiya va qonunchiligimizga oid tushunchalarini boyitish, ularning fuqarolik huquqi va burchini to‘la anglab yetishi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga ko‘maklashish maqsadida turli tadbirlar o‘tkazilayotir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya, Ichki ishlar va Xalq ta’limi vazirliklari, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari, o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda tegishli reja va dasturlar ishlab chiqilib, ular asosida joylarda “Konstitutsiya – baxtimiz tayanchi”, “Mening fikrim”, “Huquq va burch” mavzularida davra suhbatlari, uchrashuvlar, viktorina va bilimdonlik bellashuvlari tashkil etilmoqda.
O‘rta-maxsus bilim yurtlari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan “Siz qonunni bilasizmi?” tanlovida 78 jamoa tarkibida 546 nafar yigit-qiz ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatini namoyish qildi. Tanlovning barcha bosqichlarida g‘olib bo‘lgan Amudaryo tumanidagi akademik litseyning “Qalqon” jamoasi mamlakat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Qoraqalpog‘iston televideniyesida “Kamolot” bilan hamkorlikda yoshlarning aqliy qobiliyatini mustahkamlashga yo‘naltirilgan “Bilim ring”, “Intellektual ring” singari teleo‘yinlar namoyish etilmoqda. Bu ham o‘z navbatida yoshlarning bilim va tafakkurini boyitishga xizmat qilayotir.
Ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani kuchaytirish, ijobiy an’ana va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ajdodlarimizning bebaho ma’naviy va madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylashga da’vat etish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Orolbo‘yida har yili Navro‘z ayyomi arafasida “Milliy o‘yinlar festivali” o‘tkaziladi. Bunda yoshlar “Qasharman to‘p”, “Langi”, “Besh tosh”, “Chullik”, “Doiraga tort”, “Ko‘z bog‘lash”, “O‘rtaga tushish”, “Jambil”, “Asiq”, “Xo‘roz urishtirish” singari milliy o‘yinlar bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadilar. O‘tgan yili ushbu festivalda besh mingdan ortiq yoshlar ishtirok etgani festival ko‘lami tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
O‘tgan yili mamlakatimiz bo‘ylab “Biz hech kimdan kam emasmiz va hech kimdan kam bo‘lmaymiz” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar marafoni ishtirokchilari Orolbo‘yi yigit-qizlari bilan uchrashib, hududdagi qadimgi yodgorliklar tarixi va ularning bugungi ahamiyati haqida suhbatlashdilar.
Mahallalarda yoshlarni umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan yoshlar ongida vatanparvarlik hissini kuchaytirish, el-yurt sha’nini ulug‘lash kabi oljanob fazilatlarni shakllantirish maqsadida yoshlar o‘rtasida “Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam” shoiri ostida o‘tkazilayotgan “Mahallam tarixini o‘rganaman” ko‘rik-tanlovi ham samarali natija bermoqda.
Har bir hududning, mahallaning o‘ziga xos turmush tarzi, qadriyatlari, urf-odatlarini yoshlarga o‘rgatishga xizmat qiladigan bu tadbirda Amudaryo tumanidagi “Qipchoq” mahallasi, Kegeyli tumanidagi 1-mahalla, Taxiatosh shahridagi “Jayhun” mahallasi yoshlari g‘olib bo‘ldi.
Yoshlarning manfaatlarini himoyalash, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini, bolalikdan nogiron o‘smirlarni otaliqqa olish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, hunar o‘rgatish va ish bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili shahar va tumanlarda tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida sakkiz mingga yaqin yosh ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, yil davomida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining bevosita ko‘magida 137 nafar yigit-qiz ishga joylashtirildi. Ehtiyojmand oilalarning farzandlari va jismoniy imkoniyati cheklangan bir yarim ming nafardan ziyod yoshlarga kasb o‘rgatildi.
Tadbirkorlik va fermerlik harakatini rivojlantirish maqsadida yoshlar o‘rtasida “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 28 nafar yigit-qiz ishtirok etib, ishbilarmonlik xususiyatlarini namoyish qildi. Ulardan eng munosib deb topilgan yetti nafari tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etdi.
“Barkamol avlod yili” Davlat dasturiga muvofiq, joriy yilda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularning jismonan baquvvat, ma’naviy yetuk inson bo‘lib kamolga yetishlari borasidagi ishlar yanada kuchaytirilmoqda.
Bu yo‘nalishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda turli tadbirlar o‘tkazilayotir. Yoshlar o‘rtasida OITS, giyohvandlik va chekishga qarshi kurash choralarini yanada kuchaytirish, ularni bu yomon illatlardan asrash maqsadida mutaxassislar ishtirokida turli uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etmoqdamiz.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashni yanada kuchaytirish maqsadida “Sog‘lom avlod – jamiyatimiz tayanchi” oyligi e’lon qilindi. Oylik doirasida joylarda, ta’lim-tarbiya muassasalarida turli uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, “Yoshlar kashandalik va ichkilikbozlikka qarshi!” mavzuida o‘tkazilgan rasmlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, ularning salohiyatini yanada kuchaytirish maqsadida yaqinda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda “Yosh olimlar kengashi” tuzildi. Ilm-fanning turli sohalarida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlardan tarkib topgan ushbu kengashning dastlabki majlisida yoshlarning ilmiy salohiyati va uning ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni, ularning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish haqida so‘z yuritildi.
Yoshlarning fan, texnika, axborot texnologiyalari, madaniyat, san’at, sport sohalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritishiga puxta zamin yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish yo‘lida barcha imkoniyat va kuch-g‘ayratimizni safarbar etaveramiz.
Manba: O`zA




