Eng namunali tez tibbiy yordam stansiyasi
19.03.2010

Inson manfaatlarini muhofazalash, xalqimizning salomatligini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini muntazam oshirib borish Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan yuritilayotgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan. 1998 yilda ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi bunda muhim omil bo‘lmoqda.
Mazkur davlat dasturida belgilangan vazifalar izchil ijro etilishi natijasida tibbiyotning barcha bo‘g‘inlarida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Jumladan, aholining barcha qatlamini qamrab olishga mo‘ljallangan, uzluksiz faoliyat yuritadigan, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimiga asos solindi.
Hozirgi kunda xalqimizga ushbu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatayotgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining joylarda o‘n uch mintaqaviy, bir yuz yetmish uch tuman va shahar bo‘limi ishlab turibdi. Bundan tashqari, viloyatlardagi 194 tez tibbiy yordam stansiyasi va bir yarim mingga yaqin tez tibbiy yordam brigadalari ham mazkur tizim tarkibida faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 21 mayda qabul qilingan “Tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ushbu shifo maskanlarining moddiy-texnik salohiyatini oshirish, aholiga ko‘rsatilayotgan shoshilinch tibbiy yordam xizmati ko‘lamini kengaytirish, xalqimizning salomatligini muhofazalashda muhim omil bo‘lmoqda.
O‘tgan qisqa davr ichida mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan talay ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining joylardagi filiallari va tez tibbiy yordam stansiyalariga yuzdan ziyod “Xunday”, uch yuzdan ko‘proq “Damas-ambulans” rusumidagi reanimamobel va maxsus avtotransportlar yetkazib berildi.
Sohada faoliyat yuritayotgan shifokorlarning malaka va mahoratini yuksaltirish, diagnostika va davolash jarayonida zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish, tez tibbiy yordam avtotransporti parkida ishni tashkil etish jarayonlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, shifokorlarning kasb mahoratini muntazam oshirib borish va mehnatini munosib rag‘batlantirish, aholiga ko‘satilayotgan shoshilinch va tez tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash maqsadida “Eng namunali tez tibbiy yordam stansiyasi”, “Tez tibbiy yordam sohasining eng malakali shifokori”, “Eng intizomli va mohir haydovchi”, “Kasbiga bo‘lgan sadoqati uchun” kabi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov o‘tkazildi.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida mazkur tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Ikromov inson salomatligi va manfaatlarini muhofazalash, xalqimizning turmush darajasini muntazam oshirish davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tibbiyot tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etishini alohida ta’kidladi.
Bu borada tegishli davlat dasturlarida belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, el salomatligini mustahkamlash, sog‘lom farzandlar tug‘ilishi va kamolga yetishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Jumladan, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimiga xalqimizning ishonch va e’tibori mustahkamlanayotir.
Navoiy shahar tez tibbiy yordam stansiyasi xalqimizga ana shu yo‘nalishda malakali xizmat ko‘rsatib kelayotgan shifo maskanlaridan biridir. Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini uzluksiz takomillashtirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli uning ham moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, avtotransport parki yangilanmoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan shifokorlar bir yilda ellik mingga yaqin chaqiruvga o‘z vaqtida yetib borib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatmoqda. Jamoaning bu boradagi faolligi alohida e’tirof etilib, “Eng namunali tez tibbiy yordam stansiyasi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi va “Damas” mashinasi bilan taqdirlandi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyati filialining 2-tez tibbiy yordam stansiyasi va Farg‘ona shahar tez tibbiy yordam stansiyalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, “Tez tibbiy yordam sohasining eng malakali shifokori”, “Eng intizomli va mohir haydovchi”, “Kasbiga bo‘lgan sadoqati uchun” nominatsiyalari g‘oliblari ham taqdirlandi.
Manba: O`zA




