Kengaytirilgan qidiruv

Transchegaraviy ekologik muammolar: rivojlanish yo‘lidagi yechimlar


19.11.2010

Bugun atrof-muhitni asrab-avaylash, mavjud transchegaraviy muammolarni samarali bartaraf etish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash insoniyat oldida turgan muhim vazifalardandir. Zero, ushbu muammolarni hal etmasdan turib, XXI asrda barqaror rivojlanishga erishib bo‘lmaydi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan “O‘rta Osiyoning transchegaraviy ekologik muammolari: ularni hal etishda xalqaro huquq mexanizmlarini qo‘llash” xalqaro konferensiyasi aynan shu mavzuga bag‘ishlandi.

Anjumanda Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Kanada, Xitoy, Janubiy Koreya, Gollandiya, Rossiya, AQSH, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Shveysariya, Yaponiya kabi 30 mamlakatdan ekspertlar, olimlar, ekologlar, BMT, YEXHT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki, Jahon yovvoyi tabiat fondi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi kabi 60 dan ortiq xalqaro tashkilotlar va moliya institutlaridan vakillar qatnashdi.

Konferensiyani O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari B.Alixonov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “O‘rta Osiyoning transchegaraviy ekologik muammolari: ularni hal etishda xalqaro huquq mexanizmlarini qo‘llash” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov o‘qib eshittirdi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish va asrab-avaylash, ayniqsa, anomal iqlim o‘zgarishi sharoitida taraqqiyotni, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi, dedi anjumanda so‘zga chiqqan irrigatsiya va drenaj bo‘yicha xalqaro komissiya bosh kotibi M.Gopalakrishnan. Ayni paytda u suv resurslaridan foydalanish masalasiga faqat gidroenergetika nuqtai nazaridan yondashmaslik zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, O‘rta Osiyo kabi murakkab mintaqalarda kichik energetika inshootlaridan foydalanish talablarga ko‘proq mos keladi. Orol fojiasi ulkan energetika inshootlarini qurish qanday oqibatlarga olib kelishini o‘ylab ko‘rishga undaydi.

M.Gopalakrishnan mamlakatimizda O‘zbekiston ekologik harakati tashkil etilgani, shuningdek, mamlakatimiz saylov qonunchiligiga ekologlarga parlamentda kvotalangan o‘rin egallash imkonini bergan o‘zgartishlar kiritilganini yuqori baholadi.

Uning fikricha, ekologik, ayniqsa, transchegaraviy muammolarni hal etish uchun ochiq muloqot zarur. O‘zbekistonda o‘tkazilgan ushbu xalqaro konferensiya bunday yondashuvga yaxshi misol bo‘la oladi.

Forumda O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari B.Alixonov ma’ruza qildi.

U O‘rta Osiyo mintaqasidagi ko‘plab transchegaraviy ekologik muammolar ilgari oqibatini o‘ylamasdan xo‘jalik yuritishning natijasi ekaniga e’tiborni qaratdi. Bunday muammolar, birinchi navbatda, keyingi vaqtda global ahamiyat kasb etib borayotgan Orol inqirozining oqibati, Orol dengizi havzasida joylashgan ba’zi davlatlar tomonidan boshqa mamlakatlar manfaatlarini e’tiborga olmasdan ulkan gidroinshootlarni qurish loyihalarini amalga oshirishga urinish bo‘layotgani, shuningdek, “Tojikiston aluminiy kompaniyasi” korxonasining faoliyati bilan bog‘liqdir. Mazkur zavod 35 yildan buyon O‘zbekistonning janubiy tumanlari tabiatiga, aholisining salomatligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga katta zarar yetkazmoqda.

Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda mustaqillik yillarida atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, mamlakatimiz va butun mintaqamizda ekologik vaziyatni yaxshilashga katta e’tibor qaratib kelinayotganini alohida ta’kidladilar. Bu borada tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan xalqaro normalarga mos huquqiy baza yaratilgan, maqsadli davlat dasturlari, milliy harakat rejalari ro‘yobga chiqarilayotir. O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida BMTning eng muhim konvensiyalari hamda boshqa xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan va bu borada o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni izchillik bilan bajarmoqda.

Nodavlat tashkilotlar ham faol ishtirok etayotgan bu yo‘nalishdagi ishlar Prezident Islom Karimov tomonidan inson huquq va manfaatlarini, jumladan, uning qulay atrof-muhitda yashash huquqini ta’minlash maqsadida yuritilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning muhim qismi hisoblanadi, dedi Nyu-York davlat universiteti professori Parviz Morvij (AQSH). O‘tgan yili global iqtisodiy inqiroz sharoitida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 8,1 foizni tashkil qilgani ushbu siyosat samaradorligining yorqin tasdig‘idir. Bugun O‘zbekiston ham iqtisodiy, ham ekologik vazifalarni hal etish borasida ko‘plab davlatlarga namuna bo‘lmoqda.

P.Morvij barcha mamlakatlar bir-birining ekologik manfaatlarini e’tiborga olishi lozimligini ta’kidladi. U bir mamlakat sanoat obyektlarini qurar ekan, bundan qo‘shni mamlakatlar aholisi aziyat chekishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga e’tibor qaratdi.

Avstriyaning “Biznes, madaniyat, sport” jurnali muharriri Manfred Tixi mintaqaning barcha mamlakatlari BMTning Transchegaraviy suv oqimlari bo‘yicha tegishli konvensiyalariga rioya qilishi lozimligini ta’kidladi.

U konferensiya qatnashchilarining Orolbo‘yiga safari chog‘ida suv resurslaridan nooqilona foydalanish qisqa vaqt ichida qanday ekologik halokat va odamlarning aziyat chekishiga olib kelganiga guvoh bo‘lganini ma’lum qildi.

– Rog‘un GESi bir mamlakatning boshqa davlatga zarar yetkazgan holda loyihani amalga oshirishga urinishiga yaqqol misol bo‘ladi. Bundan 30-40 yil avval, dabdabavozlik hukm surgan sovetlar davrida ishlab chiqilgan, ekologik va texnogen xavfsizlik talablariga mutlaqo javob bermaydigan mazkur loyihani amalga oshirish mumkin zmas, – dedi M.Tixi.

Ma’ruzachi ushbu loyihani baholash Avstriya kabi tog‘li mamlakatlarda bunday ulkan to‘g‘onlarni barpo etish o‘ta xavfli ekanini ko‘rsatganini, boz ustiga mazkur hudud seysmik jihatdan ham xavfliligini qayd etdi.

M.Tixi Yevropaning tog‘li mamlakatlari kam chiqimli va iqtisodiy jihatdan foydali, eng muhimi, xavfsiz kichik GESlarni qurish to‘g‘risida qaror qabul qilgani va buni boshqa shunday mintaqalarga ham tavsiya etayotganini ta’kidladi.

Xorijiy ekspertlar o‘z ma’ruzalarida ekologik masalalarning keskinligi va muhimligiga jahon hamjamiyati e’tiborini birinchi bo‘lib aynan O‘zbekiston rahbari qaratganini alohida ta’kidladilar. Chunki, ushbu muammolarning aksariyati allaqachon mintaqaviy doiradan chiqib, global hususiyat kasb etgan. Buni, jumladan, Orolbo‘yida yuzaga kelgan murakkab ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolar misolida ham ko‘rish mumkin. Prezidentimiz Islom Karimov oliy darajadagi xalqaro uchrashuvlarda jahon hamjamiyatini nafaqat ekologik vaziyatni yaxshilash, balki kelajak avlodlar hayoti uchun qulay muhit hamda shart-sharoit yaratish maqsadida sa’y-harakatlarni birlashtirishga, kompleks choralar ko‘rishga da’vat etib keladi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan bu borada Nukus va Toshkent deklaratsiyalari qabul qilindi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etildi, ushbu mavzu bo‘yicha bir qator yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazildi. Prezidentimiz 2009 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining uchrashuvida mazkur jamg‘arma doirasida Orol dengizi havzasi mintaqasiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturining navbatdagi uchinchi bosqichi konsepsiyasini ilgari surdi.

Konferensiya qatnashchilari tadbirda muhokama qilinadigan muammolar nechog‘lik jiddiy ekaniga ishonch hosil qildilar. Forum arafasida ularning biri guruhi Orol inqirozi zonasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va Mo‘ynoq tumanida bo‘lib, Orol dengizi qurishining fojiali oqibatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Ishtirokchilarning ikkinchi guruhi esa Tojikiston aluminiy zavodining zaharli chiqindilari aholisi va iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanini borib ko‘rdi. Bu yerdagi ekotizimning antropogen buzilishining odamlar salomatligi, o‘simlik va hayvonot olamiga ko‘rsatayotgan halokatli ta’siri, yerlarning yemirilishiga sabab bo‘layotgani va, umuman, gumanitar falokat xavfini yuzaga keltirayotgan oqibatlari anjuman qatnashchilarini dahshatga soldi. Bundan tashqari, anjuman boshlanishidan oldin ekologik halokat zonalari – Orolbo‘yi va Surxondaryo hududidan olingan fotosuratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ilgari yer yuzidagi eng yirik ichki suv havzalaridan biri bo‘lgan Orol dengizining hajmi bugun 13 baravar, maydoni 7 baravar qisqardi, suv sathi 26 metr pasaydi, ba’zi joylarda suv sho‘rlanishi bir litrda qariyb 280 grammni tashkil etmoqda. Dengizning qurib qolgan tubida 5 million gektardan ziyod maydonni egallagan yangi Orolqum cho‘li paydo bo‘ldi. Ko‘plab kichik ko‘llar ham quridi. Har yili yuz million tonnagacha tuz aralash chang-to‘zon atmosferaga ko‘tarilmoqda. Orolbo‘yida o‘simlik va hayvonot olami genofondining yarmidan ko‘pi yo‘qoldi, ularning ko‘plab turlari “Qizil kitob“ga kiritilgan. Mazkur salbiy jarayonlar yer resurslarining yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘lmoqda, aholining turmush sharoitini yomonlashtirmoqda, Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni murakkablashtirmoqda.

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining atrof-muhit masalalari bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Bo Libert ta’kidlaganidek, bularning barchasi iqtisodiy rivojlanishda ilgari tabiiy resurslardan nazoratsiz foydalanishning oqibatidir.

– Tabiatdan foydalanish sohasidagi har qanday faoliyat aholi, ekologiya va tabiatga zarar yetkazmaslik prinsiplariga asoslanishi lozim, – dedi Bo Libert.

Bugun O‘zbekiston rivojlanish masalalarini kompleks ravishda hal etish samaradorligini amalda namoyish qilmoqda, BMTning ekologiya sohasidagi konvensiyalarini amalga oshirishda ham faol ishtirok etayotir. Ko‘plab xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Jahon banki bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqda, suv resurslarini boshqarish sohasida ham yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Anjumanda Surxondaryo viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh tumanlarida ham murakkab ekologik vaziyat kuzatilayotgani qayd etildi. Bu yerga shamol, yerosti va yerusti suvlari orqali “Tojikiston aluminiy kompaniyasi” korxonasi chiqarayotgan yuz tonnalab zaharli moddalar tarqalmoqda. Ayniqsa, ftorli vodorod oksidi, oltingugurt oksidi, azot oksidi va uglerod oksidi kabi chiqindilar inson salomatligi, o‘simlik va hayvonot olami uchun nihoyatda xavflidir. O‘zbekistonning janubiy tumanlaridagi atrof-muhit hamda aholi salomatligiga yetkazilgan zarar yuz millionlab AQSH dollari miqdorida baholanmoqda. 1994 yilda Tojikiston aluminiy zavodining salbiy ta’siri zonasida ekologik ahvolni yaxshilash bo‘yicha hamkorlikka oid O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo bitimi imzolangan edi. Biroq, bu borada rejalashtirilgan ko‘plab tadbirlar bajarilmadi. Zavodda qo‘llanilayotgan texnologiyalar allaqachon eskirgan, bir qator tozalash inshootlari ishlamaydi. Shunga qaramasdan, korxonada ishlab chiqarish hajmini oshirish va kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Demak, zaharli chiqindilar chiqarilishi ham ko‘payadi – dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, yiliga 21,7 tonnadan 32 tonnagacha oshadi.

Konferensiyada qatnashgan xorijiy ekspertlar transchegaraviy Amudaryo va Sirdaryoning yuqori qismida yangi, yirik gidroenergetika inshootlarini, birinchi navbatda, Rog‘un GESini qurish loyihalari ham O‘rta Osiyoning shundoq ham zaif ekologik muvozanatiga halokatli ta’sir o‘tkazadi, degan umumiy fikrni bildirdilar. Ayrim davlatlarning amaldagi xalqaro normalarni buzgan holda, mintaqadagi boshqa mamlakatlar manfaatlarini e’tiborga olmay, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishga intilishi katta tashvish uyg‘otayotgani qayd etildi. Xalqaro tajriba va ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday qurilishlar favqulodda xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday xatti-harakatlar Orol dengizi havzasida ekologik inqirozni kuchaytiribgina qolmasdan, texnogen va gumanitar halokatlarga ham olib kelishi, bepoyon hududlarni millionlab odamlarning yashashi uchun yaroqsiz ahvolga solishi muqarrar.

Shu bois, Banklarga oid axborot markazi ijrochi direktori Chad Dobson (AQSH) anjuman qatnashchilari e’tiborini keng ko‘lamli gidroenergetik loyihalarni bitta davlat manfaatlari yoki ekologik jihatdan zararli alohida ishlab chiqarish uchun emas, balki mintaqaning barcha aholisi manfaati va uning farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirish zarurligiga qaratdi.

– Ba’zida xalqaro moliya institutlari tushunchalarni chalkashtirib yuboradi, – dedi u. – Holbuki, elektr energetika obyektlari yangi va zararli aluminiy ishlab chiqarish korxonalarini qurish uchun emas, balki, birinchi galda, aholining muhim ehtiyojlarini qondirish, shu jumladan, uni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash uchun xizmat qilishi kerak.

Uning fikricha, Jahon banki, boshqa moliya tashkilotlari fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilishi, ularning fikrini e’tiborga olishi va aholining katta qismi bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlaganidan keyingina qaror qabul qilishi lozim. Barcha manfaatdor tomonlar bunday gidroinshootlarni qurish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishi darkor. Ekspert shuni qat’iy ta’kidladiki, bu borada amalga oshiriladigan jarayonlarning oshkoraligini ta’minlash uchun ushbu masalalar yuzasidan keng ko‘lamli ochiq maslahatlashuvlar o‘tkazish zarur.

Bugun amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan gidroenergetika loyihalari qariyb ellik yil avval ishlab chiqilgan bo‘lib, allaqachon eskirgan. Ularda qurilish ko‘zda tutilayotgan bu hududlarning yuqori seysmik xavfi – ushbu ko‘rsatkich Rixter shkalasi bo‘yicha 9 ballgacha, bu yerda yuz beradigan ko‘chki va sel kelish jarayonlari hisobga olinmagan. Holbuki, so‘nggi 110 yil mobaynida bu yerda 20 dan ortiq kuchli zilzila qayd etilgan. Jahon amaliyotida hali bu kabi hududlarda ulkan gidroinshootlar qurilishi kuzatilmagan. Masalan, Tojikistondagi Rog‘un GESida balandligi 335 metrlik to‘g‘on qurish ko‘zda tutilmoqda. Holbuki, dunyoda hali bunday to‘g‘on yo‘q. Mabodo to‘g‘on o‘pirilgudek bo‘lsa, boshlang‘ich nuqtada suv to‘lqinining balandligi 250 metrdan oshadi, Rog‘un GESidan 1,5 ming kilometr uzoqda joylashgan Qoraqalpog‘istonda esa 6-7 metrga yetadi. Tojikiston, Afg‘oniston, Turkmaniston va O‘zbekiston hududidagi 1,5 million gektar maydon, 700 dan ortiq aholi punkti suv ostida qoladi. Shuni unutmaslik kerakki, ushbu hududlarda qariyb 5 million aholi istiqomat qiladi.

Hatto, eng qulay vaziyatda ham Rog‘un GESining ko‘zda tutilayotgan energetik rejimda ishlashi Amudaryo quyi qismida yashayotgan ko‘p millionli aholi turmush sharoitining keskin yomonlashuviga olib keladi. Daryoda suvning minerallashuvi ikki baravar ortadi, vegetatsiya davrida uning oqimi ancha kamayadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qishloq xo‘jalik ekinlari, aralash qayta ishlash tarmoqlari va baliq resurslarining nobudgarchiligi tufayli ko‘riladigan zarar 5 yil ichida qariyb 20,6 milliard dollarni tashkil etadi.

Shu munosabat bilan konferensiyada elektr energiyasini Rog‘un GESidagi kabi miqdorda, nisbatan xavfsiz, ammo bir necha baravar arzon kichik GESlarni qurish yo‘li bilan ham olish mumkinligi qayd etildi. Prezident Islom Karimov joriy yil 20 sentabrda BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan sammitidagi nutqida gidroenergetikani rivojlantirishga bu tarzda yondashish oqilona yo‘l bo‘lishini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari transchegaraviy daryolarda gidroinshootlar qurish bo‘yicha har qanday loyiha ushbu daryolar hajmi va oqimi buzilmasligi hamda mintaqada ekologik vaziyat yomonlashmasligini kafolatlaydigan xalqaro mustaqil ekspertiza natijalariga asoslanishi lozimligiga bir necha bor e’tibor qaratgan edi.

Konferensiyada mintaqaning barcha davlatlari ushbu sohada amalda bo‘lgan xalqaro normalarga qat’iy rioya qilishi lozim, degan xulosaga kelindi. BMTning Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni himoya qilish va ulardan foydalanish, Xalqaro suv oqimlaridan foydalanishning kema yurmaydigan shakllari huquqiga oid konvensiyalari, Xalqaro daryolar suvidan foydalanishning Xelsinki Qoidalari, Gidroelektr energiyasini ishlab chiqarishning boshqa davlatlarga ta’siriga doir Jeneva Konvensiyasi va ushbu sohadagi boshqa xalqaro hujjatlarga muvofiq, bunday gidroenergetika inshootlarini qurish hamda ulardan foydalanish shartlari transchegaraviy daryolar havzasida joylashgan barcha davlatlar bilan kelishilishi shart.

Konferensiya doirasida o‘tkazilgan mavzuga oid sessiyalarda O‘rta Osiyo atrof-muhitining transchegaraviy ifloslanishi, suv resurslarini birgalikda boshqarish orqali transchegaraviy hamkorlikni yaxshilash, bolalar salomatligini muhofaza qilish, ekologiyasi yomon mintaqalarda bioxilma-xillikni saqlash, Orol mintaqasida iqlim o‘zgarishi, yirik sanoat ishlab chiqarishlarning atrof-muhitga ta’siri kabi muammolar hamda boshqa qator dolzarb ekologik masalalar muhokama etildi.

Anjuman qatnashchilari O‘rta Osiyo mintaqasidagi mavjud asosiy transchegaraviy ekologik muammolarni muhokama qilib, ularni hal etishda xalqaro huquq ustuvor ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladilar, o‘z mamlakatlarida ushbu mexanizmni amalda qo‘llash tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Ikromov, qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari SH.Hamroyev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti SH.Solihov, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi N.Umarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazining rahbari V.Chub, “Gidroloyiha” ochiq aksiyadorlik jamiyati direktori S.Jigaryov (O‘zbekiston), Yaponiya Suv forumi maslahatchisi Kazushi Xashimoto, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining havo sifatini boshqarish va uning ifloslanishini nazorat qilish bo‘yicha hamkorlik markazi mutaxassisi Xans Gvido Mekke, AQSHning Olbani universiteti professori Devid Karpenter va boshqalar o‘z chiqishlarida shu haqda gapirdilar.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha Toshkent ekologiya deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda mintaqa davlatlari transchegaraviy daryolar oqimida joylashgan boshqa davlatlarga zarar yetkazmaslik uchun bunday daryolardan foydalanishning asosiy prinsiplari belgilangan asosiy xalqaro huquq hujjatlariga muvofiq transchegaraviy hamkorlikka rioya qilishi lozimligi qayd etilgan. O‘rta Osiyoning transchegaraviy daryolari yuqori qismida har qanday yirik gidroinshootni mintaqaning barcha davlatlari aholisinig manfaatlarini hisobga olgan holda, oshkora asosda amalga oshiriladigan mustaqil xalqaro texnik va ekologik ekspertiza o‘tkazish orqali qurish tavsiya etildi. Deklaratsiyada, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarning barpo etilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalar ta’siri zonasida joylashgan barcha mamlakatlarning fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlik va ochiq muloqot qilish orqali mintaqadagi ekologik barqarorlikni mustahkamlashga ko‘maklashishi lozimligi ta’kidlangan. Konferensiyada qabul qilingan mazkur hujjatda xalqaro ekologiya tashkilotlarining tavsiyalariga binoan nisbatan xavfsiz va ancha tejamkor bo‘lgan kichik GESlar qurilishiga o‘tish, shuningdek, ekologik xavfsiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni kengaytirish har tomonlama maqbul bo‘lishi ta’kidlangan. Anjuman qatnashchilari aluminiy korxonasi zararli chiqindilari miqdorini xalqaro normalardan oshmasligini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rishni tavsiya etdi.

Deklaratsiyada O‘rta Osiyo mamlakatlarining eng muhim ekologik vazifalari ham belgilangan. Transchegaraviy daryolar oqimining hajmi va rejimini sun’iy kamaytirishga yo‘l qo‘ymaslik, ekologik halokat zonasida cho‘llanish darajasining kengayishi va yerlarning sho‘rlanishini to‘xtatishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, kichik biznes, birinchi navbatda, kam suv sarflashni talab qiladigan sanoat va qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish hisobidan ushbu zonada aholi bandlik darajasini hamda daromadini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish shular jumlasidandir.

Konferensiya qatnashchilari mamlakatlar hukumatlari va xalqaro tashkilotlarni transchegaraviy ekologik muammolarni hal etish va ekologik xavflarni kamaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdilar. Ular, shuningdek, xalqaro ekologik tashkilotlar O‘zbekiston ekologik harakatini atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi faoliyatida qo‘llab-quvvatlashlari lozimligini ta’kidladilar.

Bularning barchasi transchegaraviy tabiiy resurslardan foydalanish muammolarini yanada oqilona hal etish, mintaqaning turli mamlakatlarini ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik uyg‘un rivojlanishini ta’minlash imkonini beradi. Zero, hech kimning boshqalarga va kelajak avlod uchun asrab-avaylashimiz lozim bo‘lgan tabiatga zarar yetkazish orqali o‘z ehtiyojlarini qondirishga haqqi yo‘q.



Manba: O`zA



  • Fuqarolar uchun
  • Tаdbirkor vа sarmoyadorlarga
  • Chet el fuqаrolаrigа
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali
  • 1 USD = 2401.09
  • 1 EUR = 2993.72
  • 1 RUB = 52.43

2014-11-25 dan
MB valyuta kurslari

www.cbu.uz
Pay 27 / 11 / 2014