Kengaytirilgan qidiruv

Tennischilarimiz g‘oliblikka da’vogar


27.01.2012

O‘zbekistonlik iste’dodli yosh tennischilar Avstraliya, Ummon va Hindistonda o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnirlarda g‘alabali o‘yinlarini davom ettirmoqda.

Avstraliyaning Melburn shahrida hal qiluvchi pallaga kirgan “Australian Open Junior Championships – 2012” xalqaro turnirining qizlar o‘rtasidagi yakkalik bellashuvlarida Sabina Sharipova chorak finalga chiqdi.

Nufuzli musobaqaning dastlabki ikki davrasida chexiyalik Jesika Malechkova hamda avstraliyalik Jeorjiana Ruxrigni mag‘lubiyatga uchratgan Sabina chorak final yo‘llanmasi uchun o‘tkazilgan uchinchi bahsda amerikalik Samanta Kroufordga qarshi kortga chiqdi. Bellashuvni 7:5, 6:1 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan tennischimiz keyingi uchrashuvda AQSHning yana bir vakilasi Teylor Tounsend bilan raqobatlashadi.

Ummonda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan tashkil etilgan “Oman International Junior – 2012” xalqaro turnirining juftlik bellashuvlarida qatnashayotgan Anton Jamolov yarim finalga yo‘l oldi. Germaniyalik Aleksandr Zverev bilan hamkorlikda o‘ynayotgan hamyurtimiz ozarboyjonlik Farid Hojizoda va rossiyalik Boris Pakni 6:2, 6:2, qirg‘izistonlik Tengiz Otaxonov va germaniyalik Aleksandr Braunni 6:1, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Hindistonda o‘smirlar o‘rtasida davom etayotgan xalqaro turnirning juftlik bellashuvlarida o‘zbekistonlik Arina Fols belgiyalik Britt Geukens bilan hamkorlikda bosh sovrin uchun kurashmoqda. Ular dastlabki bahsda to‘rtinchi raqamda saralangan duet – janubiy koreyalik Da Xey Kim va Ax Songdan 6:2, 6:4, xitoylik Jiayuan Ksuye va Yukun Jangdan 6:3, 6:2 hisobida ustun keldi. Arina Fols va Britt Geukens final yo‘llanmasi uchun o‘tkaziladigan navbatdagi bellashuvni ikkinchi raqamda saralangan tailandlik Kamonvan Buayam va belgiyalik Mishel Verbruk juftligiga qarshi o‘tkazadi.


Manba: O`zA