Kengaytirilgan qidiruv

“Bunyodkor”ning safardagi g‘alabasi


11.03.2010

O‘zbekiston jamoalari Osiyo chempionlar ligasida yuzinchi uchrashuvini o‘tkazdi.

Qit’amizdagi futbol klublarining eng nufuzli musobaqasi – Osiyo chempionlar ligasining “V” guruhida peshqadamlik qilayotgan “Bunyodkor” ikkinchi turda Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) “Al-Vahda” jamoasi mehmoni bo‘ldi.

BAA milliy chempionatida birinchi o‘rinda borayotgan “Al-Vahda” futbolchilari dastlabki daqiqalardanoq hujumga zo‘r berdi. O‘zbekistonlik charm to‘p ustalari esa asosiy e’tiborni himoyani mustahkamlash va tezkor qarshi hujum uyushtirishga qaratdi. Bosh murabbiy Luiz Felipe Skolarining bu taktikasi o‘ttiz yettinchi daqiqada o‘z samarasini berdi. Braziliyalik legioner Denilson jamoadoshi Viktor Karpenko oshirgan to‘pni boshi bilan raqib darvozasiga joylab, hisobni ochdi – 1:0.

Vaziyatni o‘nglash ilinjida bo‘lgan “Al-Vahda” futbolchilari o‘yinning ikkinchi yarmida hujumni yanada kuchaytirdi. Biroq, ularga “Bunyodkor” himoyasini yorib o‘tish oson bo‘lmadi. Aksariyat vaziyatlarda jamoamiz posboni Ignatiy Nesterov mahorat ko‘rsatib, kuchli zarbalarni qaytardi. Bellashuvning 85-daqiqasida “Bunyodkor” vakillari mezbonlar darvozasiga ikkinchi to‘pni kiritdi. Jamoa sardori Rivaldo va Jasur Hasanov tomonidan uyushtirilgan hujumni bu gal ham Denilson samarali yakunladi – 2:0.

Ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonayotgan o‘zbekistonlik charm to‘p ustalari so‘nggi daqiqalarda biroz xotirjamlikka berildi. Buning oqibatida Said Al-Katiriy “Bunyodkor” darvozasiga bitta javob to‘pini kiritdi.

Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Saudiya Arabistonining “Al-Ittihod” jamoasi o‘z maydonida “Zob Axon” (Eron) futbolchilarini qabul qildi. Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda kuchlar teng keldi – 2:2.

Olti ochko bilan guruhda birinchi o‘rinda borayotgan “Bunyodkor” futbolchilari 24 martga belgilangan uchinchi tur uchrashuvida eng yaqin ta’qibchisi – “Zob Axon” mehmoni bo‘ladi.


Manba: O`zA