O‘zbek bokschilarining muvaffaqiyati
19.03.2010
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida boks bo‘yicha terma jamoalar o‘rtasidagi xalqaro turnirda mezbonlardan tashqari O‘zbekiston, Ozarboyjon va Ukraina charm qo‘lqop ustalari kuch sinashmoqda.
Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) qoidalariga muvofiq har bir terma jamoadan o‘n bittadan bokschi ishtirok etmoqda. Ular orasida jahon, Osiyo hamda Yevropa chempionatlari g‘olib va sovrindorlarining borligi bellashuvlarning keskin va murosasiz o‘tishini ta’minlamoqda.
Iste’dodli yosh bokschilardan tarkib topgan O‘zbekiston terma jamoasi Ozarboyjon vakillarini 7:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, finalga yo‘llanma oldi.
91 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Mirzohid Abdullayev dastlabki jangdayoq muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi. Kuchli zarbaga ega bokschimiz ozarboyjonlik Elchin Alizodani texnik nokautga uchratdi.
Shuningdek, bokschilarimizdan Shahriyor Isoqov Nixat Seidovni 5:0, Bunyodbek Mashrabov Samir Mammadovni 14:4, Shohruh Xo‘jabekov Ilkin Agayevni 1:0, Fazliddin G‘oibnazarov Haybatilla Xojialiyevni 5:2, Azamat Ergashev Emil Maxarramovni 4:1, Shuhrat Abdullayev Raxib Baylarovni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, terma jamoamizning g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Endi O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rin uchun ukrainaliklardan 10:1 hisobida ustun kelgan Qozog‘iston bokschilari bilan kuch sinashadi.
Manba: O`zA




