audio

    16+
    Jazeera Airways Farg’onadan Quvaytga yangi aviaqatnovni yo’lga qo’yadi

    Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Jazeera Airways aviakompaniyasining O’zbekiston va Tojikiston bo’yicha direktori Ildar Abubekirovni qabul qildi.

    Uchrashuvda Jazeera Airways tomonidan yo’lga qo’yilayotgan Quvayt-Farg’ona-Quvayt yo’nalishidagi aviaqatnov bilan bog’liq masalalar, shuningdek, Farg’ona xalqaro aeroportidan ushbu aviakompaniya bilan birgalikda Misr, Turkiya va qator YEvropa mamlakatlariga aviaqatnovlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

    Hozirgi kunda O’zbekistonning uchta shahridan Jazeera Airways tomonidan Quvaytga amalga oshirilayotgan aviaqatnovlarda Farg’ona viloyatida yashovchi yo’lovchilar salmoqli hissaga ega ekanini qayd etgan Ildar Abubekirov, aviakompaniya bundan kelib chiqqan holda dekabr oyidan boshlab Quvayt-Farg’ona-Quvayt yo’nalishida muntazam qatnovlarni yo’lga qo’yishga qaror qilganini ma'lum qildi. 168 o’ringa mo’ljallangan Airbus A320neo samolyotlarida dastlabki bosqichda haftasiga 3 ta aviareys tashkil etilsa, kelgusi oylardan boshlab kunlik aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

    Farg’ona viloyati bilan arab davlatlari, xususan Quvayt o’rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etgan viloyat rahbari, to’g’ridan to’g’ri aviaqatnovlarning yo’lga qo’yilishi ziyorat turizmi bilan birga bu hamkorlikni ham yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta'kidlab, Jazeera Airways’ning Farg’onadagi faoliyatini har tomonlama qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

    Muloqot davomida shuningdek, Farg’onadan Misr, Turkiya va qator YEvropa mamlakatlariga aviaqatnovlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Amalga oshirishga kirishilayotgan Farg’ona xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi natijasida Farg’ona aeroportini YEvropa va Osiyo o’rtasida xalqaro tranzit tuguniga aylantirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

    2004 yilda tashkil etilgan Jazeera Airways Quvaytning ikkinchi milliy aviakompaniyasi bo’lib, shtab-kvartirasi Quvayt xalqaro aeroportda joylashgan va arzon narxlardagi havo sayohatlariga ixtisoslashgan. Aviakompaniya floti hozirgi kunda 21 ta Airbus samolyotlarini o’z ichiga olib, dunyoning 34 ta mamlakatiga 60 dan ortiq yo’nalishlarda muntazam parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

    • view_icon 335