Agrar sohada yangi hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi
2026-08-07 14:50:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda agrar tarmoqda o‘zaro manfaatli sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish, agrar ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnika va ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.
Muloqot davomida Eronga mineral o‘g‘itlar hamda dukkakli ekinlar eksportini kengaytirish, shuningdek, urug‘chilik, baliqchilik va naslchilik sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, Eronning agrar sohadagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, zamonaviy agrotexnologiyalarni mamlakatimizda joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv va amaliy dasturlarni tashkil etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida tomonlar agrar sohadagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda innovatsion yechimlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

