Chek olish – masʼuliyat va foydali odat!
2025-10-31 15:15:00 / Qo'mita yangiliklari

Chek olish – masʼuliyat va foydali odat!
Samarqand viloyatida Soliq qoʻmitasi va viloyat soliq boshqarmasi tomonidan bitiruvchi yoshlar, faol fuqarolar hamda mahalla yettiligi ishtirokida ochiq savdo maydonida “Chek olishni unutmang!” aksiyasi oʻtkazildi.
Aksiyaning noanʼanaviy jihati shundaki, u yopiq zalda emas, balki tadbirkorlar faoliyat yuritayotgan ochiq savdo maydonida tashkil etildi. Bu esa ham fuqarolar, ham tadbirkorlar oʻrtasidagi muloqotni yanada yaqinlashtirdi.
Avvaliga aksiyaga qiziqish bildirmagan yoshlar soliq organlari xodimlari tomonidan chek olish va soliq toʻlash madaniyati haqida berilgan qiziqarli maʼlumotlardan soʻng faol ishtirok eta boshlashdi. Ularning savol-javoblarda faolligi, qiziqishi ortib borgani tadbirning samaradorligini yanada oshirdi.
Soliq qoʻmitasi Raisi matbuot kotibi Toʻrabek Toʻrayev oʻquvchi-yoshlarga birgina xarid chekini talab qilish orqali mamlakat iqtisodiga qanchalik katta hissa qoʻshish mumkinligi haqida batafsil maʼlumot berdi.
Taʼkidlash joizki, bu kabi aksiyalar yosh avlod ongida iqtisodiy savodxonlik va soliq toʻlash madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aksiyaga yaqin atrofdagi maktab rahbariyati ham katta qiziqish bildirdi. Maktab direktori tashabbus bilan chiqib, barcha oʻquvchilarni tadbirda faol ishtirok etishga jalb etdi. Bu esa aksiyaning taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda oʻtkazilishi qanchalik samarali ekanini koʻrsatdi.
Tashkilotchilar bu kabi tadbirlarni tizimli ravishda davom ettirishga kelishib oldilar. Kelgusida “Chek olishni unutmang!” aksiyasi yurtimizning barcha hududlarida keng qamrovda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Siz ham mazkur aksiyalarga qoʻshiling, faol boʻling va chek olishni odatga aylantiring!




