SIFATLI DEFOLIATSIYA- ERTAKI VA MO‘L HOSIL GAROVIDIR
2025-08-23 12:00:00 / Yangiliklar

To‘rtko‘l tumani fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga
MUROJAATI
Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, fermer
va dehqonlar tomonidan Respublika bo‘yicha 156 ta fermer xo‘jaligi 7800 gektardan ortiq maydonlarda chigit qadab, mashaqqatli mehnatimiz evaziga paxtadan mo‘l hosil yig‘ishtirib olish pallasida turibmiz.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, paxtadan mo‘l hosil yetishtirish - bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.
Ma’lumki, yetishtirilgan hosilni nobud qilmay, tez, sifatli va kuzning sovuq, yog‘in-sochinli kunlariga qoldirmay yig‘ib-terib olish dehqonlarimizning asosiy vazifasidir. Bunda g‘o‘za defoliatsiyasi alohida o‘rin tutadi. Paxtachilikda g‘o‘za bargini kimyoviy moddalar yordamida sun’iy to‘ktirish muhim agrotexnik tadbirlardan bir hisoblanadi. O‘z vaqtida sifatli o‘tkazilgan defoliatsiya g‘o‘za bargining to‘liq to‘kilishi, ko‘saklarning erta yetilib, barvaqt ochilishini ta’minlaydi. Yetishtirilgan paxta hosilining asosiy qismini sovuq kunlar tushkunga qadar yig‘ishtirib olishga va yangi yil hosili uchun puxta zamin tayyorlashga imkoniyat yaratiladi.
Aytib o‘tish joizki, g‘o‘za o‘simligi yetarli darajada foydali harorat ololmasa, ko‘saklarning pishishi va yetilish jarayoni sezilarli kechikishi mumkin. Shuningdek, yuqorida ta’kidlanganidek, defoliasiya samaradorligi havo harorati, shamol tezligi va havoning nisbiy namligi kabi omillarga chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun, bu yilgi ob-havo sharoitida defoliasiya tadbirini juda ehtiyotkorlik va mas’uliyat bilan amalga oshirish talab etiladi.
Siz fermerlarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida birgina avgust oyida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan uchdan ortiq imtiyozlar va imkoniyatlar yaratib berdi. Jumladan,
-paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 million so‘mdan subsidiya hamda o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab berish;
- “Qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Farmoni bilan esa fermer xo‘jaliklariga ekinlarni joylashtirish vakolatlarini berilishiga biz fermerlar labbay deb javob berish vaqtidi keldi desak adashmaymiz.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Aslida buning zamirida Siz va bizning fidoyiligimiz orqali mamlakatimizning iqtisodiyotiga hissa qo‘shishdir. Shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, o‘zini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi inson o‘z davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishi kerakdir.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
Sentabr oyida bajariladigan g‘o‘za defoliatsiyasi agrotexnik tadbirining ahamiyati paxta hosildorligini oshirishda nihoyatda muhim. Negaki, g‘o‘za maydonlari o‘z vaqtida va sifatli defoliatsiya qilinsa hosil erta pishib yetiladi va hosilning erta yig‘ishtirilib olinishiga shu bilan birga uning asosiy qismini yuqori navlarda sotishga erishiladi.
Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun sentabr oyida ortiqcha yetishtirilgan har bir kilogrammpaxta uchun qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, g‘o‘za defoliatsiyasi tadbiriga har qachongidan ham mas’uliyat bilan yondoshib amalga oshiraylik!
Katta mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni kuzning yog‘in-sochiniga qoldirmay, tez va sifatli yig‘ib-terib olishda sentabr oyida amalga oshiriladigan g‘o‘za defoliatsiyasi tadbiri paxtakorlar uchun eng muhim tadbirdir.
Shu sababli g‘o‘za defoliasiyasini o‘tkazish uchun g‘o‘za maydonlaringizning har bir konturini alohida o‘rganib, g‘o‘zalarning bir xil rivojlangan va biologik yetilganligiga alohida e’tibor bergan holda defoliatsiya o‘tkazishni sifatli va har bir tumanning iqlim sharotlaridan kelib chiqib, belgilanganmuddatlari, qo‘llaniladigan defoliant turlari va me’yorlarini belgilashingiz muhim ahamiyat kasb etadi.
Avvalo har bir fermer xo‘jaligi g‘o‘za parvarishida defoliasiyasi oyida bajariladigan quyidagi agrotexnik tadbirlarni kengashib bajarilishi lozim.
Birinchidan, muddatida va sifatli o‘tkazilgan defoliatsiya g‘o‘za barglarini to‘liq to‘kilishini ta’minlaydi, qator oralaridan shamol o‘tishi va ko‘saklarga quyosh nurining ko‘proq tushishi natijasida barvaqt pishib yetilishi va ochilishiga qo‘shimcha imkon yaratiladi. Paxta qisqa muddatda yig‘ib-terib olinadi, keyingi yil hosili dala ishlarini tezlashtiradi. Paxtaning terim mashinalari yordamida terib olinishiga puxta zamin yaratadi.
Ikkinchidan, defoliatsiya samaradorligiga ta’sir etuvchi omillardan biri bu havo harorati bo‘lib, defoliant o‘zining kimyoviy xususiyati va ta’sir etish mexanizmiga ko‘ra haroratga turli darajada talabchan bo‘ladi. Bu yil qo‘llash uchun tavsiya etilgan defoliant havoning sutkalik harorati 18°C yuqori bo‘lganda ijobiy samara berib, harorat pasayganda defoliant ta’sir kuchini tamoman yo‘qotadi. Shuning uchun defoliatsiya qilishdan oldin soha mutaxassisining havo harorati to‘g‘risidagi aniq bashoratni olib, preparatni qo‘llash va sepish muddatlarini to‘g‘ri belgilab olish zarur.
Uchinchidan, defoliatsiya samaradorligi uni kun davomida o‘tkazishga bog‘liqligini e’tiborga olgan holda kunning issiq paytida defoliatsiya sepish ishlarini amalga oshirmang. Chunki bunday paytda sepilgan defoliantlar bargda so‘rilmaydi va issiqlik ta’sirida tezda havoga parlanib ketib, tadbir besamar bo‘lib qoladi. Shuning uchun defoliatsiyani kunning salqin paytlarida, ya’ni ertalab shudring ko‘tarilgandan so‘ng kunduzgi soat 11 gacha hamda kunning ikkinchi yarmida soat 16 dan kechgacha o‘tkazish yuqori samara berishini yodingizdan chiqarmang.
To‘rtinchidan, tuproq namligining ham defoliatsiya samaradorligiga juda katta ahamiyatga ega ekanligini e’tiborga olgan holda tuproq namligi cheklangan dala nam sig‘imiga nisbatan 65-70% kam bo‘lmasligiga yoki traktor yurganda tuproqda uning yengil izi qoladigan darajada bo‘lishi lozimligiga alohida e’tibor qarating.
Beshinchidan,havo harorati 22-23°C bo‘lgandata’sir etuvchi moddasi tidiazuron+diuronbo‘lgan DEFOLTER 54% SC, Dalron-Super, DEFOLANT 0,150-0,200 l/ga kabi defoliantlardan va havo harorati o‘rtacha 20-25S past bo‘lganda g‘o‘zaga kontakt ta’sir etuvchi (UzDEF-K-7,0 l/ga, Suyuq XMD-7,0 l/ga, Fan DEF-a’lo 6,0 l/ga me’yorlarda) defoliantlar qo‘llash yuqorori samara berishini e’tiborga olishingiz lozim.
Oltinchidan,defoliasiyadan oldin dala chetlari, sug‘orish ariqlari va o‘qariqlar hamda aylanish maydonchalarini sifatli tekislash, dala atrofini 8-12 metr kenglikda desikasiya qilib, g‘o‘za tuplari yig‘ishtirib olish va dala chetiga chiqarish, tayyor bo‘lgan maydonchalarni texnika vositalari yordamida tekislash hamda o‘qariq va sug‘orish ariqlarini ko‘mish va shundan so‘ngina texnikalarni dalaga kiritish zarur.
Shu bilan birga defoliatsiya tadbirlarida barcha ehtiyot choralarini ko‘rishingiz, ya’ni ishchi-xodimlaringizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularni shaxsiy himoya vositalari, qalin matodan tikilgan kombinezon, rezina qo‘lqop, rezina etik, respirator va himoya ko‘zoynagi bilan ta’minlashingiz va ularning ish joyida ovqatlanish, suv ichishlariga aslo yo‘l qo‘ymaslik zarurligini unutmasligingiz zarur. .
Hurmatli fermer va dehqonlar!
G‘o‘za defoliatsiyasi ilmiy tavsiyalar asosida o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilsa, barglar 85-90% ziyod to‘kilib, ko‘saklar 90% ochiladi. Shunda paxta terimi uyushqoqlik bilan o‘tkazilib, birinchi terim hosili salmog‘i ko‘payadi va hosilning asosiy qismi oliy navlarga topshiriladi. Natijada fermer xo‘jaliklarida iqtisodiy manfaatdorlik ham ortadi.
Har birimiz g‘o‘za defoliatsiyasini sifatli va o‘z muddatlarida amalga oshirib paxtadan 50 sentner hosil olishga erishishga hamda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy qilingan imtiyozlardan foydalanishga chaqiramiz.
Aziz fermer va dehqonlar!
Paxta yig‘im-terimi mavsumi oldidan shunday mehnat ko‘tarinkiligini tashkil qilaylikki, toki har bir O‘zbekistonlikman, degan inson o‘zini dehqondek his etsin. Bobodehqon yelkasidagi yukni ko‘tarishga kamarbasta bo‘lish, el-yurt tashvishiga sheriklik qilish, dehqonning zafarlaridan faxrlanish uchun kurashish hissi yuragingizda jo‘sh ursin!
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda paxta yig‘im-terimi mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga va paxta terimi oldidan o‘tkaziladigan defoliatsiya tadbiriga alohida e’tibor qaratishingizga da’vat etamiz!
